Maktabgacha ta’lim agentligida joriy yilning 20-fevral kuni Rossiya tomonining tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Shin hamda “Logoprognoz” kompaniyalar guruhi bosh direktori V. Yefimova o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar maxsus va inklyuziv ta’lim sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar.
Rossiya kompaniyasi rahbari o‘z nutqida Maktabgacha ta’lim agentligining inklyuziv ta’lim va imkoniyati cheklangan bolalarni reabilitatsiya qilish sohasidagi faoliyatini yuqori baholadi. Shuningdek, davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotining Nukus shahridagi “Imkon” reabilitatsiya markazi bilan olib borilayotgan ishlarini alohida ta’kidladi.
Muzokaralar doirasida V.Yefimova “Logoprognoz” kompaniyalar guruhi tomonidan maxsus va inklyuziv ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot va IT-loyihalari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
Rossiya delegatsiyasi rahbari maktabgacha yoshdagi bolalar, shuningdek, umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida tahsil olayotgan bolalar salohiyatini baholashga qaratilgan mobil ilovalarni ishlab chiqish va moslashtirishda O‘zbekiston tomoniga yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv doirasida Rossiya tomoni vakili V.Yefimovaning so‘zlariga ko‘ra, Maktabgacha ta’lim agentligining ixtisoslashtirilgan bo‘linmalariga “Logoprognoz” kompaniyasi tomonidan imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlash bo‘yicha tasvirga olingan va o'zbek tiliga tarjima qilish mumkin bo‘lgan filmlarni taqdim etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish va Rossiya tomonining maxsus va inklyuziv taʼlim sohasidagi innovatsion takliflarini O‘zbekiston Respublikasidagi maktabgacha taʼlim tizimi ehtiyojlariga moslashtirish imkoniyatlarini oʻrganish zarurligi toʻgʻrisida oʻzaro fikr almashdilar.