Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekistonda bog‘cha xodimlarining ish haqi birdaniga ikki barobarga oshiriladi” mazmunidagi xabarlar tarqalmoqda.
Tarqalayotgan mazkur xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Ijtimoiy tarmoq vakillari tomonidan ma’lumot va xabarlar tarqatilayotganda ularni bo‘rttirib, qo‘shib yozish holatlariga yo‘l qo‘ymasligini so‘rab qolamiz.
O‘tgan galdagi brifinglarda ish haqi masalasi yo‘nalishida amalga oshiriladigan ijobiy ishlar rejalashtirilayotgani aytilgan. Ushbu masala nafaqat maktabgacha ta’lim tizimiga bog‘liq, balki bir qator davlat boshqaruv organlari bilan kelishilgan holda, o‘rnatilgan tartibda, tegishli hukumat qarorlari bilan amalga oshiriladi.
Bugun ushbu rasmiy munosabatimiz orqali ish haqi miqdori oshirilishi masalasidagi ma’lumotlarni inkor etmoqchi emasmiz, aksincha, bu bilan mazkur jarayonlarni amalga oshirish uchun o‘rnatilgan tartib mavjudligini ma’lum qilamiz. Chunki ushbu dastur hozirda muhokama jarayonida va turli darajalarda batafsil o‘rganish va muvofiqlashtirishni talab etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil uchun qilgan Murojaatnomasida maktabgacha ta’lim sohasida besh yillik dastur ishlab chiqish topshirig‘i berilgan bo‘lib, topshiriq ijrosi yuzasidan maktabgacha ta’lim tizimida 2023-2026-yillar davomida amalga oshiriladigan ishlar dasturida ushbu yo‘nalish ham ishlab chiqilayotgani hamda loyiha asosida 2023-yildan boshlab maktabgacha ta’lim sohasi xodimlarining ish haqlarini bosqichma-bosqich oshirish choralarini ko‘rish ko‘zda tutilganligini inobatga olishingizni so‘raymiz.
Hurmatli OAV va ijtimoiy tarmoqlar vakillari, Sizlar bilan kelgusida hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida batafsil ma’lumotlarni taqdim qilib borishga doimo tayyorligimizni ma’lum qilamiz.