Maktabgacha ta’lim tizimida 2017-2022 yillarning o‘tgan davri davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi va
OAV uchun ochiq muloqot ma’lumoti
Aqlvoy” — barcha bolalar uchun teng ta’lim
2017-2022-yillar davomida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi ikki barobarga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-sentabrdagi “Mobil guruhlar bazasida maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi 786-sonli Qaroriga asosan, Respublikaning ko‘plab hududlariga qayta jihozlangan ISUZU avtobuslari yetkazilib, “Aqlvoy” mobil maktabgacha ta’lim guruhlari shakllantirildi.
O‘z navbatida, ushbu turdagi maktabgacha ta’limning muqobil innovatsion shakli maktabgacha ta’lim hamda tarbiya xizmatlarining sifati, samaradorligini oshirishga imkon berdi. “Aqlvoy” mobil bolalar bog‘chasi nafaqat bolalarga, balki ota-onalar hamda jamoatchilikka ham juda katta qulayliklar yaratdi. Bu nafaqat bolalar uchun foydali va qiziqarli ta’lim tizimi, balki arzon, iqtisodiy va samarali ekanligi ham o‘z isbotini topdi.
Ayniqsa, “Aqlvoy” avtobusi ko‘pchilikka manzur bo‘lib, aholida iliq taassuroq uyg‘otdi. Qamrov ko‘rsatkichi past bo‘lgan 142 ta MFYda 7 mingga yaqin bolalarni qamrab oladigan, qayta jihozlangan 65 ta avtobuslar negizida 387 ta mobil guruhlar shakllantirilgani fikrimiz isbotidir. Bu loyiha orqali shahar bolasi ham, qishloq bolasi ham teng ta’lim olishi ko‘zda tutilgan. Bugun loyiha doirasida ularga ham zamonaviy, bolalar bilan do‘stona munosabat o‘rnata oladigan tajribali, eng yaxshi pedagoglar jalb qilingan.
“Aqlvoy” loyihasi chekka hududlargacha yetib borib, u yerdagi yoshlarga sifatli ta’lim berish, bog‘chaga qamrov darajasini oshirish va zamon bilan hamnafas tarzda ta’limdagi so‘nggi texnologiyalardan unumli foydalanishni maqsad qilgan.
Shuning uchun “Aqlvoy” doirasida nashr etilgan didaktik adabiyotlar, suratga olingan film-ko‘rsatuvlar imkon boricha e’tibor tortadigan, kichkintoylarga ma’naviy ozuqa beradigan shaklda tayyorlanishiga alohida e’tibor berildi. O‘ylaymizki, loyiha o‘z maqsadini oqladi.
Mobil bog‘chalardan ota-onalar mamnun, bolalar baxtiyor. Kelgusida bu yo‘nalishda ham loyiha qamrovini, faoliyatini kengaytirib, yana-da ko‘p bolani qamrab olish, bog‘chadanoq bolalarga sifatli ta’lim berish maqsad qilingan.
Eng so‘nggi imkonda ham umid bor!
2019-yilning aprel oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasida O‘zbekistonda birinchi bo‘lib tarkibida alohida parvarishga muhtoj bolalar uchun «Imkon» reabilitatsiya markazi bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi ochildi. Loyihaning noyobligi shundaki, u alohida parvarishga muhtoj nogironligi bo‘lgan bolalarning ijtimoiy-madaniy rivojlanishi, ta’lim olishi va sog‘lomlashtiruvchi reabilitatsiyasini ta’minlaydi.
2021-yilda Toshkent viloyati Qibray tumanida ham “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega yangi davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti alohida ta’limga muhtoj bolalar uchun o‘z eshiklarini ochdi. Bu hisob bo‘yicha O‘zbekistondagi ikkinchi markazdir.
To‘laqonli reabilitatsiya markazi va 150 o‘rinli bolalar bog‘chasiga ega “Imkon” markazlari maktabgacha ta’lim tizimidagi mutlaqo yangi modeldir. “Imkon” markazlari faoliyati imkoniyati cheklangan bolalarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lib, asosiy maqsadi o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining ota-onalar bilan birgalikda har bir bolani rivojlantirish va reabilitatsiya qilish rejasini ishlab chiqish, uni bir muassasa doirasida amalga oshirishga ko‘maklashishdir. Bu, shubhasiz, ota-onalar va farzandlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi, chunki ular avvallari har tomonlama yordam olish uchun shahar yoki tumanning turli hududlarida har xil mutaxassislarga murojaat qilishlari kerak edi.
“Imkon” markazlari ikkita blokdan iborat:
- 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun (bolaga qo‘yilgan tashxisga qarab) 10 guruhdan iborat ko'p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim tashkiloti;
- 18 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun reabilitatsiya markazi.
“Imkon” markazi yangi keng binoda joylashgan bo‘lib, zamonaviy didaktik materiallar, tuzatish va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlangan. Shuningdek, binoda fizioterapiya xonasi, sport zali, bolalarning ijtimoiy moslashuvi xonasi, sensor xonasi, audiosinf, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalar reabilitatsiya xonasi, massaj xonalari, ertak terapiyasi xonasi, shuningdek yil davomida bolalar bilan amaliyotlar o'tkaziladigan yopiq basseyn bor.
Reabilitatsiya markazining korreksion-ta’lim xonalari parafin pechi, tibbiy trenajyorlar, quruq massaj vannalari, neyro-ortopediya pnevmokostyumlari, mobil stenderlari, ortopediya velosipedlari, yotiq samokatlar, moslashuvchan kreslolar, vestibulyar apparatni rivojlantirish uskunalari, sensor integratsiyasi mahsulotlari, «Saundbim» tizimi va fizioterapiya apparatlari kabi xorijiy uskuna va inventarlar bilan jihozlangan.
Davolash tadbirlari rivojlanishda buzilishlarni tuzatishga, tibbiy reabilitatsiya va ijtimoiy moslashuvga yo‘naltirilgan. Yetakchi xorijiy tashkilotlar ishtirokida maxsus tayyorgarlik va malaka oshirishdan o‘tgan tajribali mutaxassislar ota-onalar va ularning farzandlariga har qanday yordam ko‘rsatishga tayyor.
Xalqaro hamkorlik: dunyo standatlari bilan yuzma-yuz!
Bugun Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama hamkorlik har tomonlama rivojlantirilmoqda. O‘tgan davr mobaynida Maktabgacha ta‘lim vazirligi va xorijiy hamkorlar o’rtasida O’zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan umumiy 80 ga yaqin memorandum hamda kelishuvlar imzolandi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi tegishli sohada Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, Singapur, Turkiya, Belarusiya kabi davlatlar hamda Jahon banki guruhi, UNICEF, UNESCO, KOICA, JICA, TIKA, YXHT, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi, “Mercy Corps”, “Россотрудничество” singari ko‘plab xalqaro moliya institutlari va xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Qolaversa, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) bilan birgalikda 2018-yilda Samarqand shahridagi 6 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va Samarqand viloyati Payariq tumanidagi birinchi maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha ishlar olib borildi.
Maktabgacha ta'lim vazirligi Jahon banki bilan birgalikda qiymati 73,8 million AQSh dollariga teng bo'lgan "Kichik yoshdagi bolalarning erta rivojlanishini takomillashtirish" loyihasini amalga oshirmoqda. Loyihaning maqsadi erta yoshda ta'lim olish imkoniyatini yaxshilash va maktabgacha ta'lim muassasalarida ta'lim muhitining sifatini oshirishdir. Loyiha 2020-2024 yillarda amalga oshiriladi.
Koreya Respublikasining “Booyoung Group” va “AHA” kompaniyalari tomonidan O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim ehtiyojlari uchun ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarini jihozlash uchun raqamli o‘qituvchi pianinolar va interaktiv taxtalar shaklida moddiy-texnik vositalar hadya etildi.
2020-yil boshida “Kichik hajmdagi ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam” dasturi doirasida Surxondaryo viloyati Termiz shahrida joylashgan 17 va 21-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlariga uskunalar va inventarlar sotib olish uchun Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasidan 52,5 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘larini yutib oldi.
Koreya Respublikasining “EDULINK” kompaniyasi bilan hamkorlikda bolalar uchun maktabgacha taʼlim tashkilotlari, pedagoglar va tarbiyalanuvchilarning ota-onalari uchun “S-Board” mobil taʼlim ilovasi ishlab chiqildi.
Shuningdek, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan maktabgacha taʼlim sohasidagi 20 nafar pedagog kadrlarning malakasini oshirish bo’yicha joriy yilning iyun oyida 2 ta haftalik kurslar tashkil etildi.
2022-yilning yanvar-sentyabr oylarida Maktabgacha taʼlim sohasiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish maqsadida Xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar olib borildi. Xususan, Islom taraqqiyot banki, OPEK fondi va Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg’armasi bilan umumiy qiymati 70 mln AQSH dollariga teng DXSH bitimlarini moliyalashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun loyihaoldi hujjatlar ishlab chiqilib, investorlar tomonidan maʼqullandi.
Qolaversa, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan 11 mln AQSH dollariga teng grant loyihani amalga oshirish maqsadida Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi va bu borada tegishli vazirliklar, idoralar bilan kelishildi. Hozirgi kunda, mazkur Hukumat qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etilgan.
Bundan tashqari, AQSH dasturlarini amalga oshiruvchi “Mercy Corps” xalqaro nodavlat tashkiloti bilan qiymati 21,7 mln AQSH dollarga teng bo’lgan “Taʼlim uchun oziq-ovqat” loyihasini Qoraqalpog’iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida amalga oshirilmoqda.
Maktabgacha taʼlim sohasini yanada rivojlantirish va davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat MTT tarmog’ini kengaytirish maqsadida vazirlik tomonidan Osiyo taraqqiyot banki bilan 100 MTT tashkilotini yaratish loyihasini amalga oshirish bo’yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Islom taraqqiyot banki va Maktabgacha ta'lim vazirligi o'rtasida umumiy qiymati 50 million AQSh dollariga teng bo'lgan loyihani amalga oshirish to'g'risida kelishuvga erishildi. Loyiha doirasida respublikaning barcha hududlarida davlat-xususiy sheriklik asosida 200 ga yaqin nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish ko'zda tutilgan.
Innovatsion yondashuv har qachongidan muhim!
Bugungi kunda ta’lim-tarbiya jarayonida zamonaviy ta’lim dasturlari, ilg‘or axborot va pedagogika texnologiyalarini joriy etish orqali bolalarni har tomonlama intellektual, ma’naviy-axloqiy, jismoniy rivojlantirishni ta’minlash, maktabga tayyorlash darajasini oshirish tobora dolzarblik kasb etmoqda.
Maktabgacha ta’lim tizimida 2018-yilda joriy etilgan, maktabgacha ta’limni boshqarishning axborot tizimi – OpenEMIS dasturi yuqori qulaylik va sifatli faoliyatga yo‘l ochdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu axborot tizimi ta’lim muassasalari haqida ma’lumot to‘plash va ularni taqdim qilishga mo‘ljallangan, ta’limga oid ma’lumotlarni boshqaruv tizimidir. Mazkur tizimni ishga tushirilishi bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotiga elektron navbat asosida shaffoflik bilan qabul qilinishini ta’minladi. Qolaversa, u orqali tarbiyalanuvchilarning yoshi va jinsini hisobga olgan holda, hududlar va maktabgacha ta’lim tashkilotlari kesimida bolalarning qatnovi va sog‘ligini onlayn nazorat qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Tizimning yana bir afzalligi shundaki, unda onlayn to‘lovlar, MTT hisobini yuritish xodimlar monitoringini olib borish mumkin.
Shuningdek, UNICEF bilan hamkorlikda Microsoft tizimi asosida yaratilgan, tarmoq va oflayn funksiyalar va imkoniyatlarning o‘ziga xos to‘plami mavjud bo‘lgan Learning Passport platformasi ishlab chiqildi.
Learning Passport – mobil onlayn va oflayn platforma bo‘lib, sifatli ta’limga uzluksiz kirish imkonini beradi. Bu juda moslashuvchan dastur bo‘lib, u turli mamlakatlarga mavjud raqamli ta’lim platformalariga qo‘shimcha sifatida biriktirish imkonini beradi. Dunyo miqyosidagi pandemiya ta’lim jarayoniga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatishi natijasida onlayn o‘quv dasturlariga bo‘lgan ehtiyoj ortdi. Learning Passport bu borada eng maqbul yechim sifatida qator xorij mamlakatlarida amaliyotga tadbiq etildi. O‘zbekiston ham platformani ishga tushirish arafasida.
Shu bilan birga, “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturiga ko‘ra, bolalarning musiqiy rivojlanishini rag‘batlantirish, ularga musiqiy didni singdirish, ijodiy mayl, yodda saqlash qobiliyati, ritm hissini rivojlantirish maqsadida musiqali qo‘shiqlar to‘plamini yozish loyihasi ishga tushirildi. Unga ko‘ra, qo‘shiqlar o‘zbek va rus tillarida taqdim etilib, yakuniy mahsulot qo‘shiqlar matni va notasi yozilgan suratli to‘plam, ohanglar yozilgan flesh-karta, musiqalarni eshitish uchun SD xotira kartasi bilan simsiz kolonkadan tashkil topgan. Loyiha doirasida joriy yilning birinchi choragida respublikamiz bo‘ylab maktabgacha ta’lim muassasalariga 6000 ta to‘plam, qo‘shiqlar yozilgan 2500 ta SD kartasi va 3500 dona simsiz karnay (kolonka) yetkazib berildi.
Ta’lim-tarbiya jarayoni doirasida foydalanish uchun o‘quv-metodik materiallar, multimedia kontentini ishlab chiqish, maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarining innovatsion axborot-kommunikatsiya va pedagogika texnologiyalari sohasidagi bilim va malakasini oshirish, innovatsion ta’lim muhitini tashkil etish borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun o‘qituvchilar va ta’lim sohasi ekspertlari, vazirlikning malakali mutaxassislarining maxsus metodikasi bo‘yicha “InnoKids” ma’rifiy mobil o‘yini ishlab chiqildi. Undagi rang-baranglik, qiziqarlilik va grafikaning sifati har qanday bolaning e’tiborini tortishi shubhasiz. “InnoKids” 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun turli xil qiziqarli ta’limga oid va ma’rifiy o‘yinlarni o‘z ichiga oladi. O‘yinni “Google play market” hamda “App store” ilovalari orqali yuklab olish mumkin.
Maktabgacha ta’lim vazirligi vakillari, Koreyaning KIRIA robot sanoatini rivojlantirish instituti, Koreya pedagoglar assotsiatsiyasi, shuningdek, FRG Korea, Dazzle Edu, Genie Robot va SK Telecom ishtirokida onlayn marosim o‘tkazilib, uning doirasida Koreya tomonidan beg‘araz yordam asosida O‘zbekistonning maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 275 ta Albert va Genibot aqlli robotlari, shu jumladan bolalarga robototexnika va dasturlash ko‘nikmalarini o‘rgatishga mo‘ljallangan 350 ta o‘quv qo‘llanma taqdim etildi.
Albert va Genibot robotlari 6 yoshdan katta tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan. Birinchi bosqichda bola tayyor kodlash kartalari yordamida o‘yinchoqni harakatlanishga, ko‘zini miltiratishga, gapirishga majbur qiladi. Shu tarzda u kod bloklarining qanday ishlashini tushunib oladi. Yoshi kattaroq bolalar robotni smartfonga ulab, o‘z buyruqlari va algoritmlarini yaratishlari mumkin.
“Bolalik akademiyasi”(www.bolakadem.uz)- raqamli platformasi yetakchi ta`lim sohasining ilg`or mutaxassislari O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi, UNICEF va “Bilim makon” Axborot va pedagogika texnologiyalari innovatsion markazi hamkorligida qulay va moslashtirilgan raqamli platforma yaratilgan. Raqamli platforma uzluksiz ta`limni qo`llab-quvvatlash, an`anaviy ta`lim tizimlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish, O`zbekiston maktabgacha ta`lim sohasidagi pedagoglar va mutaxassislarga, shuningdek ota-onalar va maktabgacha yoshdagi bolalarga yordam berish uchun mo`ljallangan bo‘lib mazmuniy jihatdan takomillashtirilib borilmoqda.
UNICEF O‘zbekistonda ota-onalar uchun 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar salomatligi va rivojlanishining barcha jihatlari bo‘yicha mutaxassislar maslahati bilan ta’minlab beruvchi Bebbo mobil ilovasini ishga tushirdi. Ilovada emlashlar, tibbiy ko‘riklar va bola hayotining boshqa muhim bosqichlarini ham qayd etib borish mumkin. Mazkur bepul ilova ota-onalarni bolaning sog‘lig‘i va rivojlanishi bo‘yicha ovqatlanish va ko‘krak suti bilan boqishdan boshlab erta yoshdan ta’lim va o‘yinning ahamiyati, sezgir ota-onalik, himoya va xavfsizlik kabi keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha mutaxassislar maslahati bilan ta’minlaydi. Shuningdek, ilova ota-onalar va g‘amxo‘rlik qiluvchilar uchun o‘z farovonligini ta’minlash bo‘yicha ham aniq ko‘rsatmalarni o‘z ichiga oladi.
Investitsiya — nurli kelajak uchun!
Davlatimiz rahbarining “2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu tizim faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, sohani bugungi kun talablari darajasida modernizatsiya qilishga xizmat qilayotgani shubhasiz. Xususan, 2017-yilda respublika bo‘yicha jami 265,2 mlrd.so‘mlik 303 ta maktabgacha ta’lim obyektlari foydalanishga tayyor holda topshirilgan.
2017-2022 yillarda jami 1926 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilib, jami 5 828,5 mlrd.so‘mlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi.
Ushbu tadbirlarni amalga oshirish natijasida, jami 236 621 o‘rinli (quvvat) maktabgacha ta’lim obyektlari foydalanishga tayyor holda topshirildi va qo‘shimcha 91 448 yangi quvvat yaratildi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5144-sonli qarori doirasida 50 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari obyektlarini qurish va buning natijasida 7 500 yangi quvvat yaratish ustida ish olib borilmoqda.
Shu bilan birga, 2022-yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida respublika miqyosida jami 142 ta obyektda qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari (30 ta yangi qurilish, 65 ta rekonstruksiya va 47 ta mukammal ta’mirlash) qizg’in ketmoqda, natijada esa 19 135 quvvat yaratilishi ko’zda tutilgan.
Qolaversa, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O’zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-32-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida 2022-yilda 24 ta maktabgacha ta’lim obyektini qurish va bu orqali 6420 quvvat yaratishga erishilmoqda.
Sifat — bosh mezon!
Farzandlarimizning sog‘lom va rivojlangan shaxs bo‘lib shakllanishi, kelajagi porloq, mustaqil fikrli inson bo‘lib voyaga yetishi uchun Maktabgacha ta’limning o‘rni beqiyos. Maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning boshlang‘ich qismi sifatida bolaning o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini uyg‘otadi, tizimli o‘qitishga tayyorlab boradi. Shunday ekan, bu tizim faoliyatini yanada kuchaytirish, maktabgacha ta’lim muassasalarida har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratish, ularga maktabgacha yoshdagi bolalarni keng jalb etish farzandlarimizning barkamol va yetuk shaxs bo‘lib shakllanishida muhim o‘rin tutadi.
Yurtimizda bu borada xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, maktabgacha ta’lim tizimining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish maqsadida 2020-yil 22-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standartini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 802-sonli qarori qabul qilindi.
Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirish bo‘yicha davlat talablariga muvofiq va xalqaro standartlar asosida “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Mazkur dastur doirasida har bir maktabgacha taʼlim tashkilotida 5 ta rivojlanish markazlari tashkil etilgan bo‘lib, bolalar qurish va matematika, sanʼat, ilm-fan va tabiat, til va nutq, syujetli-rolli o‘yinlar kabi yo‘nalishlarda tahsil olishmoqda.
UNICEF va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda ta’lim jarayoni sifatini baholashni o‘lchash tizimi ishlab chiqildi va asosiy indikatorlar, o‘lchash vositalari tasdiqlandi. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun badiiy o‘quv rangli bukletlar yaratish konsepsiyasi hamda u asosida kitoblar yaratilgani bu sohada katta qadam bo‘ldi.
“Maktabgacha yoshdagi bolalarda ilk tasavvurlarini shakllantirish” nomli maktabgacha ta’lim tashkilot pedagoglari uchun o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi tayyorlanib, nashrga tavsiya etildi.
O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligiga Gretsiyaning “MM-publication” nashriyoti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan 20 ming nusxa darsliklarni maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ingliz tilini o’rganish uchun “Hi Kids! For Uzbekistan” to’plami (“Hi Kids! Student’s book”, “Hi Kids! Workbook” va “Hi Kids! Teacher’s book”) taqdim etildi va ularni samarli qo‘llash yuzasidan xalqaro mutaxassislar tomonidan seminar-treninglar o‘tkazildi. Xalqaro tashkilotlarni ham sohaga jalb qilish bo‘yicha harakat qilinmoqda. Jahon bankining bolalarning barvaqt rivojlanishiga ko‘maklashish loyihasini tayyorlash dasturi bo‘yicha MELQO barvaqt ta’lim sifati va natijalarini baholash xalqaro tizimi vositalaridan foydalangan holda ta’lim jarayoni sifatini o‘lchash bo‘yicha harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Pedagogika — san’at, haqiqiy pedagog san’atkordir
Ma’lumki, vazirlik tizimida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish va pedagoglarga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab pedagogika kollejlarida amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlarini tatbiq etish maqsadida muassasadagi ta’lim yo‘nalishlari mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda dual ta’lim tizimi joriy etiladigan mutaxassisliklar ruyxati shakllantirilib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etildi.
Sir emas, yurtimizda yoshlar tarbiyasi, ularning bilim olishi va malakali kadr bo‘lib voyaga yetishlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Fikrimiz isbotini barcha ta’lim bosqichlari, jumladan, Maktabgacha ta’lim vazirligi va uning qoshidagi tashkilotlar faoliyatida ko‘rishimiz mumkin.
Maktabgacha ta’lim tizimidagi ta’lim-tarbiya jarayonining sifatini oshirish maqsadida maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida 2019-yilda respublikaning har bir viloyatidan tanlangan 339 nafar pedagog uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Ushbu kurslarning asosiy maqsadi pedagoglarning davlat talablari va “Ilk qadam” o‘quv dasturi to‘g‘risidagi bilimlarini, shuningdek maktabgacha ta’lim tashkilotlarida metodik ishlarni tashkil etish ko‘nikmalarini shakllantirish edi.
2020-yilda Toshkent, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun davlat talablari va “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturini maktabgacha ta’lim tashkilotlarining o‘quv-tarbiya jarayoniga joriy etish bo‘yicha o‘quv seminar-treninglar o‘tkazildi. Ushbu seminar-treninglarda davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 2000 dan ortiq pedagogi qatnashdi.
Qolaversa, Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan UNICEF bilan birgalikda qator seminar-treninglar tashkil etildi va o‘tkazildi, ularda “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturini hamda O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablarini joriy etish bo‘yicha 31 ta milliy usta-murabbiylar tayyorlandi.
Shu bilan birga, 2020-yilda Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi malaka oshirish markazlarida tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida 5801 nafar pedagog malaka oshirdi. Jami “Maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi” yo‘nalishi bo‘yicha pedagogik bo‘lmagan oliy ma’lumotli 305 nafar mutaxassis qayta tayyorlash kurslaridan o‘tdi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq bakalavr va magistr darajalariga ega kadrlarga ehtiyoj aniqlandi. Birgalikda olib borilgan ishlar natijasida “Maktabgacha ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotasi 2,5 baravar oshirildi (2017-2018 o‘quv yilida kvotalarning umumiy soni 2345 ta, 2019-2020 o‘quv yilida 5880 ta, 2020-2021 o‘quv yilida 5625 ta, 2022-2023 o‘quv yilida 5263 tani tashkil etdi).
Toshkent shahridagi Janubiy Koreyaning Puchon universitetida “Maktabgacha ta’lim”, “Arxitektura”, “Koreys tili va menejment”, “Dietologiya va nutritsiologiya” “Axborot texnologiyalari”, “Elektron biznes”, “Multimediya va o‘yin kontenti” yo‘nalishlarida jami 1 090 nafar talaba tahsil olmoqda.
Qolaversa, 2021-yilning noyabr oyida Toshkent shahrida A.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining filiali ro‘yxatdan o‘tkazildi. Mazkur filial maktabgacha ta’lim, tuzatish pedagogikasi, psixologiya va boshqa sohalarda mutaxassislar tayyorlaydi. Filialda o‘qitish bakalavriat va magistrlik dasturlari bo‘yicha, shuningdek kunduzgi shaklda kasbiy qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida, keyinchalik esa kunduzgi va kunduzgi-sirtqi shakllarda tashkil etadi.
Bugungi kunga qadar jami 13 326 nafar (77,1%) rahbar va pedagog kadrlarning malakasi oshirildi. Ularning 5 890 nafari Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida, 5 181 nafari Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlarida, 851 nafari Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti va uning filiallarida malaka oshirishdi.
Shu bilan birga, Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda 2019-2022-yillarda oliy ma’lumotli pedagog kadrlar attestatsiyadan o‘tkazilib kelinmoqda. Attestatsiya natijalariga ko‘ra maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 5540 nafar oliy ma’lumotli pedagog xodimlarida malaka toifalari mavjud.
Sog‘lom bola — sog‘lom kelajak garovi
Hayotimizda bolalar kulgusi bizni hamisha quvontiradi, farzandlar baxtli hayotning bosh sababchilaridir. Barcha bolalarni, shu jumladan, alohida ta'limga muhtoj bolalarni erta rivojlanishidagi ta’lim-tarbiyaga bo’lgan ehtiyojlarini ta'minlash maktabgacha ta’lim tizimining ustuvor yo’nalishlaridan biridir.
2019-yil 13-mayda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan umumiy turdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti to‘g‘risidagi Nizomga inklyuziv guruhlar faoliyatini tashkil etish, umumiy guruhlardagi nutqida nuqsoni bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga korreksion-pedagogik yordam ko‘rsatish maqsadida pedagog-defektolog faoliyatini tashkil etish yuzasidan o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi, Reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan davlat ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli maktabgacha ta’lim tashkilotining faoliyatini tartibga solishga oid bo‘lgan nizomni tasdiqlandi hamda bolalarni ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga qabul qilish tizimini takomillashtirildi.
Shu bilan birga, mazkur qarorga asosan rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan bolalarni ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda qo‘shma tipdagi maktabgacha ta’lim muassasalariga yo‘llash bo‘yicha Tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyaning faoliyati takomillashtirildi. Bugun respublika bo‘yicha malakali pedagogik va tibbiyot mutaxassislar bilan ta’minlangan 14 ta hududiy Tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, bolalarni reabilitatsiya qilish va ularning abilitatsiya bo‘yicha sifatli xizmatlardan foydalanishini ta’minlash, ularning jamiyatga moslashish darajasini oshirish maqsadida yangi avlod maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilmoqda.
2022-yil holatiga ko‘ra, respublikada rivojlanishida jismoniy yoki psixik buzilishlari bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 74 tani tashkil etdi. Bu 2018-yilning shu davriga nisbatan 60,6% ga kamayganligini ko‘rsatmoqda.
Alohida ta’limga muhtoj bolalarning ta’lim olishlari uchun kerakli shart-sharoitlar yaratish va ularga sifatli korreksion-pedagogik, reabilitatsion yordam ko‘rsatish maqsadida Maktabgacha ta’lim vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan va maktabgacha ta’limni rivojlantirish Fondi orqali moliyalashtiriladigan “Davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini korreksion, pedagogik va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlash dastur”i amalga oshirilmoqda. Dasturning birinchi va ikkinchi bosqichlari doirasida Toshkent shahridagi ko'p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim tashkilotlari jihozlangan. Dasturning uchinchi bosqichi doirasida Qoraqalpog'iston Respublikasi va O'zbekiston Respublikasi viloyatlarining barcha ko'p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim tashkilotlari maxsus jihozlarga ega bo'ldilar.
2021-yildan boshlab, Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida, "Kelajakka yashil qadam" shiori ostida velomarafon o'tkazish an'anaga aylandi, unda olti yoshgacha bo'lgan bolalar begovellarda o‘zaro raqobatlashadilar. Bunday bolalar velomarafoni birinchi marta O'zbekistonda o'tkazildi va xalqaro tajriba shuni ko'rsatadiki, bu Markaziy Osiyoda ham ilk tadbir.
Ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarda sifatli maktabgacha ta’lim berish asoslaridan biri malakali pedagog kadrlar va ularning professionalizmi hisoblanadi. Bu borada Toshkent shahrida tashkil etilgan “A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti” Federal davlat-budjet oliy ta’lim muassasasi filiali tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlarda, shu jumladan ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan pedagog-defektologlar uchun 16 va 72 soatli malaka oshirish kurslari tashkil etildi va ularda joriy yilning aprel oyiga qadar 122 nafar pedagog-defektolog malakasini oshirdi.
Shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston va Belorussiya davlatlari mutaxassislari ishtirokida Koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazgan bolalarni reabilitatsiyasini yaxshilash bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan Pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Samarqand davlat tibbiyot institutiti qoshida respublikadagi davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 20 nafar mutaxassislar malakasini oshirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) o‘rtasidagi o‘zaro hamkorligi doirasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Maktabgacha ta’lim vazirligi va O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tomonidan "O‘zbekistonda maktabgacha va boshlang‘ich maktab ta’limida imkoniyati cheklangan bolalar ehtiyojlariga javob berish uchun o’qituvchilar salohiyatini mustahkamlash" bo‘yicha hamkorlik bayonnomasi 2021-yilning 11-iyun kuni imzolandi.
Og‘ir eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga maqsadli yordam ko‘rsatish maqsadida Respublika Pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislarini jalb qilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zamonaviy eshitish apparatlari berildi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi va JICAning hamkorligida "O‘zbekistonda maktabgacha ta’limda inklyuziv ta’lim amaliyotini mustahkamlash” qo‘shma loyihasi olib borilmoqda.
Maktabgacha ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida ToshVMOI bilan birgalikda va UNICЕF ko‘magida "Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tibbiy xizmatni tashkil etish bo‘yicha” rus va o’zbek tilida qo‘llanma ishlab chiqildi va 10 000 nusxada chop etildi.
Sog‘liq sari foydali taom bilan
Yurtimizda yoshlar siyosati hamisha e’tibor markazida turadigan sohalardan biri hisoblanadi. Shunday ekan, ham jismonan ham ma’nan yetuk, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, Vataniga xizmat qiladigan kadrlarni yetishtirish dolzarb vazifadir. Bu borada kalavaning uchi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga borib taqaladi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan bu yo‘nalishda ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada mavjud amaliyotni qayta ko‘rib chiqish va tahlil qilish, qolaversa zamonaviy xalqaro ma’lumotlarga muvofiq tavsiyalar ishlab chiqish yo‘lga qo‘yilgan.
Maktabgacha ta’lim vazirligi Sanitariya-epidemiologiya farovonligi va aholi salomatligi xizmati bilan birgalikda Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalarini hisobga olgan holda, Rossiyadan xalqaro maslahatchi mutxassislar jalb qilinib, “O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarining xavfsiz va sifatli ovqatlanishiga qo‘yiladigan gigiyenik talablar” sanitariya qoida va me’yorlari ishlab chiqilgan. Jumladan, ovqatlanish normalari, mahsulotlarni almashtirish normalari, oshxonalarni jihozlash normalari hamda ovqatlanish xavfsizligi talablari qayta ko‘rib chiqildi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlanish jarayonini tashkil etilishining darajasini aniqlash maqsadida tahlillar o‘tkazildi. Maktabgacha ta’lim vazirligi Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari bilan birgalikda bolalarni ovqatlantirish standartlari, jumladan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati hamda ovqat tayyorlash texnologiyasi qayta ko‘rib chiqildi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi taom tayyorlash texnikasi va retseptlar o‘rganib chiqildi, me’yorlar, bolalarning oziq moddalar va zarur energiya manbalari, oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, vitaminlar va mineral moddalarga ehtiyojlari, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, ularning sifat xarakteristikalari, sifatsiz holda bo‘lishidagi belgilari, ularni tashishga, qabul qilishga, saqlashga, xavfsizligiga, xom mahsulotlarga, ularning tarkibiga, markirovkasiga, taomnoma tuzishga qo‘yiladigan barcha talablar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etish va bolalarning sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun “Bog‘chalar uchun taomlar retsepti “Aqlvoy oshpaz” kitobi” nashr etildi.
Bugun davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga oid bo‘lgan qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, tasdiqlanmoqda.
Jumladan, 2021-yil 30-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur qaror davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini sog‘lom ovqatlantirish darajasini ko‘tarish, autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovlarni oshkora o‘tkazish, iqtisodiy mablag‘larning samarali sarflanishini ta’minlash, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlantirishni tashkil etishning zamonaviy moliyaviy tizimini yaratishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Sanitariya-epidemiologiya farovonligi va aholi salomatligi xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan hamkorlikda 2021-2023-yillarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining oshxonalari faoliyatini sanitariya va gigiyena talablariga asosan takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
“Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar uchun mavsumiy taomnoma”lar hamda maktabgacha ta’lim vazirligi tizimidagi davlat-xususiy sheriklik va oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqildi.
Kelajak egalarining sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi MTTlardagi muhitga chambarchas bog‘liqdir. Buning uchun yurtimizda barcha sharoitlar hozirlangan. Muammolar o‘z vaqtida o‘rganilib, joyida hal etilmoqda. Zero, bu bolajonlar sog‘lom bo‘lsa, ertamiz ham shunchalik porloq bo‘ladi.
Huquqiy savodxonlik
O‘tgan davr mobaynida maktabgacha ta’lim tizimining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Bu amallar esa tizimni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor hisoblanadi.
Jumladan, vazirlik tashkil etilgandan buyon faoliyatimizning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha 108 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. 3 ta Qonun, 2 ta Prezident farmoni, 20 ta Prezident qarori, 51 ta Vazirlar Mahkamasi qarori, 8 ta Vazirlar Mahkamasi farmoyishi, 23 ta boshqa idoraviy va normativ-huquqiy hujjatlar shular jumlasidandir.
Boshqa vazirlik va idoralar tomonidan tayyorlangan 2017-yilda 84 ta, 2018-yilda 164 ta, 2019-yil 183 ta va 2020-yilda 268 ta, 2021-2022-yillarda 279 ta normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Vazirlik tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, vazirlikning taklif va tavsiyalari berilgan.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida har haftaning payshanba kunlari “Mening huquq va majburiyatlarim” kuni etib belgilangan va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarga huquqning ilk tushunchalarini o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bilan birga, 2019-yil 14- dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullandi, 2019-yil 16-dekabr kuni Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi.
Albatta, bugun mazkur masalaga har qachongidan ham kuchli e’tibor qaratilayotgani ayni haqiqat. Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda ta’limni tubdan isloh qilishning muhim bosqichlari amalga oshirilib, mohiyatan hech qaysi bir davlatda mavjud bo‘lmagan uzluksiz ta’lim tizimi shakllantirildi. Ya’ni yosh avlodning maktabgacha ta’lim muassasalaridan to oliy ta’limgacha bo‘lgan uzluksiz bilim olishlari, kasb o‘rganishi uchun shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani ham quvonarli holdir.
Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilariga kundalik turmushda xavfsizlik qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha “Amir va Shirin” nomli ko‘rgazmali qo‘llanmalar tayyorlangan.
Vazirlik tomonidan “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida huquqiy tarbiya va bola huquqlari” moduli bo‘yicha o‘quv kurslari dasturi tasdiqlangan bo‘lib, bugungi kunda dastur doirasida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari o‘qitib kelinmoqda.
Moliyaviy islohotlar taraqqiyot omili
Maktabgacha ta’lim tizimi uzluksiz ta’limining bosh bo‘g‘ini bo‘lgani uchun, bu sohaga yetarlicha e’tibor qaratilib, yoshlar masalasi davlat siyosati darajasida ko‘rib chiqilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bugun maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish, ertamiz egalarini har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun zarur moliyaviy shart-sharoitlar yaratish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2018-yil maktabgacha ta’lim tizimiga jami 4,3 trillion so‘m, shundan, joriy xarajatlarga 3,0 trillion so‘m, Investitsiya xarajatlariga 1,3 trillion so‘m; 2019-yilda jami 6,3 trillion so‘m, shundan, joriy xarajatlarga 4,6 trillion so‘m, Investitsiya xarajatlariga 1,7 trillion so‘m; 2020-yilda jami 6,0 trillion so‘m, shundan, joriy xarajatlarga 4,8 trillion so‘m, Investitsiya xarajatlariga 1,2 trillion so‘m mablag‘ ajratildi.
2021-yilda esa bu ko‘rsatkich jami 8,8 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, shundan, joriy xarajatlarga 7,8 trillion so‘m, Investitsiya xarajatlariga 1,0 trillion so‘m ajratilgan.
Joriy yilda mazkur ko’rsatkich yanada oshirilib, tizimga jami 9,5 trillion so‘m, shundan, joriy xarajatlarga 8,7 trillion so‘m, Investitsiya xarajatlariga 800 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
2018-2022-yillarda maktabgacha ta’lim joriy xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar tarkibi tahlil qilinganda, xarajatlarning o‘rtacha 45% ish haqi va ish haqidan ajratmalarga, 55% boshqa (IV guruh) xarajatlarga yo‘naltirilgan (IV guruh xarajatlardan o‘rta hisobda 25-40% oziq-ovqat xarajatlari).
Bugun Maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, soha xodimlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida hukumatimiz tomonidan g‘amxo‘rlik qilinayotgani bizga kuch-g‘ayrat beradi, mehnat unumdorligimizni oshiradi. Fikrimiz isboti o‘laroq, Maktabgacha ta’limga ajratilgan mablag‘lar doirasida:
•2018-yil 1-martdan boshlab – direktorlar, tarbiyachilar, metodistlar, o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar, musiqa rahbarlari va tarbiyachining yordamchilarining bazaviy tarif stavkasi – 30 foizga;
2018-yil 1-sentabrdan boshlab:
• oliy ma’lumotli tayyorgarlik guruhi tarbiyachisi, o‘qituvchi, defektolog, psixolog bazaviy tarif stavkasi – 30 foizga;
• pedagogik ma’lumotli tarbiyachi yordamchisi bazaviy tarif stavkasi – 20 foizga;
• direktor bazaviy tarif stavkasi – 10 foizga oshirilgan.
Bundan tashqari, mamlakatda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorlari oshirilgan hollarda maktabgacha ta’lim xodimlari lavozim maoshlari ham mutanosib ravishda oshirib borilgan.
2017-yildan boshlab ko‘rilganda:
• maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori lavozim maoshi 3 baravarga;
• o‘qituvchilar, psixologlar, oliy ma’lumotli tayyorgarlik guruhi tarbiyachilari lavozim maoshi 4 baravarga;
• metodist, tarbiyachi va boshqa pedagog xodimlar lavozim maoshi 2,8 baravarga oshirildi.
Qolaversa, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ota-onalar to‘lovi bo‘yicha bir qator imtiyozlar joriy etilgan. Xususan:
• davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi bolalar umumiy sonining 15 foizi doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar farzandlari hamda jismoniy va psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar to‘lovdan ozod qilinadi;
• boquvchisini yo‘qotgan oila farzandlari bola ta’minoti uchun ota-ona to‘lovidan ozod etiladi;
• davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bir oiladan ikki va undan ortiq bola qatnaganda ularning har biriga belgilangan to‘lov miqdorining 71% miqdorda to‘lov to‘laydi;
• respublikaning 72 ta tumanida ota-onalar to‘lovi 2 baravar kamaytirilgan holda to‘lanadi;
• davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining joylashuviga qarab (viloyat markazi, tuman markazi, boshqa hududlar) 3-60% arzonlashtirilgan to‘lovlar joriy etilgan;
• davlat-xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar umumiy sonining 15-35% miqdorida, oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa 70% miqdorida ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlari uchun shu hududdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun belgilangan to‘lov miqdoridan oshmagan holda ota-ona to‘lovi joriy etilgan.
Mazkur imtiyozlar to‘liqligicha budjet mablag‘lari hisobidan qoplanib, ushbu maqsadlar uchun 2018-yilda 382,0 milliard so‘m, 2019-yilda 574,7 milliard so‘m, 2020-yilda 374,1 milliard so‘m, 2021-yilda 974,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Shuningdek, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash maqsadida har yili budjet mablag‘lari hisobidan zamonaviy mebel va jihozlar, o‘quv qurollari xarid qilinib, joylarga yetkazib berilmoqda. Jumladan, Investitsiya dasturlari doirasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini jihozlash uchun 2018-yilda 44,1 milliard so‘m, 2019-yilda 80,0 milliard so‘mlik zamonaviy mebel va jihozlar xarid qilinib, joylarga yetkazib berildi, 2020-yilda esa 91,0 milliard so‘mlik mebel va jihozlar joylarga yetkazib berildi.
2021-yilda Investitsiya dasturi doirasida qurilish-taʼmirlash ishlari o’tkazilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari 46,9 mlrd. so’mlik, bolalarni boshlang’ich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlov guruhlari 23 mlrd. so’mlik, jami 69,9 mlrd. so’mlik zamonaviy mebel va jihozlar bilan taʼminlandi. 2022-yilda jami 127,3 mlrd. so‘mlik, jumladan Investitsiya dasturi doirasida qurilish-taʼmirlash ishlari o’tkazilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini jihozlash uchun 109,1 mlrd. so‘mlik, bolalarni boshlang’ich ta’limga majburiy tayyorlash guruhlarini jihozlash uchun 18,2 mlrd. so‘mlik shartnomalar imzolangan bo‘lib, hozirda uchbu mebel va jihozlarni joylarga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Bundan tashqari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini mantiqiy o‘yin va o‘yinchoqlar, o‘quv-didaktik materiallar bilan ta’minlashga 2018-yilda 16,5 milliard so‘m, 2019-yilda 20,0 milliard so‘m mablag‘ sarflandi, 2020-yilda 17,8 milliard so‘mlik mantiqiy o‘yin va o‘yinchoqlar, o‘quv-didaktik materiallar xarid qilindi. 2021-yilda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari 17,5 mlrd. so’mlik, bolalarni boshlang’ich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlov guruhlari 2,8 mlrd. so’mlik, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 39,1 mlrd. so’mlik, jami 59,4 mlrd. so’mlik o’quv-didaktik materiallar, mantiqiy o‘yin va o’yinchoqlar bilan ta’minlandi.
2022-yilda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarinin o’quv-metodik va didaktik materiallar, mantiqiy o’yin va o’yinchoqlar bilan taʼminlash uchun 24,6 mlrd. so‘mlik shartnomalar imzolangan bo‘lib, hozirda joylarga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Axborot texnologiyalari har sohaning doimiy hamrohi
Bugun globallashuv asrida yashayapmiz. Har bir soha innovatsiyani talab qiladi. Bu borada vazirlik tizida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2020-yil 5-oktyabrdagi “Raqamli O’zbekiston – 2030 strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-6079-sonli farmonining ijrosi taʼminlandi.
Jumladan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda Respublikada faoliyat yuritayotgan 6 236 ta (98 %) maktabgacha taʼlim tashkilotlari yuqori tezlikdagi internet tarmog’iga ulandi. Yangi tashkil qilingan hamda taʼmirlash ishlari yakunlangan DMTT lar ro’yxati shakllantirilib, faoliyati tahlil qilib borilmoqda.
Maktabgacha ta'lim tashkilotlarini zamonaviy AKT texnologiyalari bilan ta'minlash va ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida maktabgacha ta'lim tashkilotlariga 1-bosqichda 2023, 2-bosqichda 4940 ta kompyuter va yana shuncha miqdordagi printer qurilmalari yetkazib berildi. Bundan tashqari, aholiga qulaylik yaratish maqsadida maktabgacha ta'lim tashkilotlari uchun onlayn to'lov xizmati ishga tushirildi. Shu bilan birga, maxsus tizimlar va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali to'lovlarni amalga oshirish yo'lga qo'yildi. Natijada, ota-onalar maktabgacha ta'lim tashkilotlarining hisob-kitoblarini masofadan, onlayn tarzda to'lash imkoniyatiga ega bo'ldilar.
Maktabgacha taʼlim vazirligining korporativ elektron pochtasi http://mail.mpe.uz/ ishga tushirildi va vazirlik, xududiy bo’linmalar hamda MTT xodimlari undan foydalanishi yo’lga qo’yildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston respublikasi davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish to'g'risida" gi 128-sonli Prezident Qaroriga muvofiq, "Bolalar bog’chasi" axborot tizimida shakllangan ma'lumotlar asosida soha xodimlariga oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan to'lovlarni avtomatlashtirilgan hisoblash tizimi joriy etilmoqda.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarni tashkilotlarda qabul qilishda shaffoflikni taʼminlash borasida maktabgacha taʼlimni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimida o’rganishlar olib borildi. Ushbu masala bo’yicha vazirlik markaziy apparatida fuqarolarning yozma va og’zaki murojaatlari qabul qilindi. Fuqarolar murojaatlari asosida tizimda aniqlangan kamchiliklar qisqa muddatda bartaraf etilmoqda.
O‘zbekistonda 2021-yilning mart oyidan bolalar uchun mo‘ljallangan ta’lim va ko‘ngilochar "Aqlvoy" telekanali faoliyat boshladi. Mazkur kanalning asosiy shiori: “Bu sening vaqting!”. Ya’ni kashfiyotlar vaqti, mo‘jizalar vaqti, yangi narsalarni o‘rganish vaqti. Kanal Rossiya, AQSh, Janubiy Koreya, Xitoy kabi o‘nlab mamlakatlarda taniqli jahon studiyalari tomonidan yaratilgan eng yaxshi animatsion seriallar va dasturlarni namoyish etib boradi. Asosiy auditoriyasi 3 yoshdan 9 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.
Kelajak uchun ko'plab rejalarimiz bor. Bularning barchasi zamon bilan hamnafas tarzda bosqichma-bosqich, tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Davlat-xususiy sherikchiligi davr talabi
Maktabgacha taʼlim sohasida nodavlat sektorni rivojlantirishning zamonaviy mexanizmlari, xususan davlat-xususiy sheriklikning 10 dan ortiq yangi shakllari joriy etildi. Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikning me’yoriy-huquqiy bazasi shakllantirilib, sohani rivojlantirishga qaratilgan keng imtiyozlar yaratildi.
Oʻtgan yillar davomida davlat-xususiy sheriklik asosida 147 317 quvvatga ega nodavlat bogʻchalarni tashkil etish uchun 3,7 trln. soʻmlik loyihalarni (shundan 1,1 trln. soʻm tadbirkorlar mablagʻlari va 2,6 trln. soʻm imtiyozli kredit hisobidan) amalga oshirish bo‘yicha 1419 nafar tadbirkorlar bilan bitimlar imzolangan.
Bugunga qadar 103 954 quvvatga ega 1097 ta loyihalarni imtiyozli kreditlar bilan moliyalashtirish uchun 2,1 trln. soʻm miqdoridagi resurs mablagʻlari yoʻnaltirildi. Shundan, 1263 ta loyihalar boʻyicha qurilish ishlari yakunlangan boʻlib, 135915 quvvatga ega nodavlat bogʻchalari oʻz faoliyatini boshlagan.
Shuningdek, 2018-2022-yillarda 20242 ta oilaviy bogʻchalar tashkil etilib, qoʻshimcha 502631 quvvat yaratildi. Jumladan, vazirlik tomonidan oʻtgan yillar davomida davlat-xususiy sheriklik asosida 21 505 ta MTT, 638546 qoʻshimcha quvvat va 55 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Natijada, nodavlat sektorning ulushi 2017-yilga nisbatan 0,01 foizdan 34 foizga oshirilishiga erishildi. Davlat xususiy sheriklik asosida faoliyatini boshlagan bogʻchalarga 603389 nafar bolalar qamrab olingan boʻlib, shundan 337898 nafari (56%) ijtimoiy koʻmakka muhtoj oila farzandlari hisoblanadi.
Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-iyundagi 5144-sonli "Qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi qaroriga muvofiq 2021-2022-yillarda respublikada umumiy quvvati 11 275 o'rinli 100 ta maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatini davlat-xususiy sheriklik asosida yo'lga qo'yish belgilandi.
Bugungi kunga qadar 11975 o'ringa mo'ljallangan 100 ta loyiha to'liq imzolangan va Moliya vazirligi, hududlarga biriktirilgan banklarga moliyalashtirish uchun tavsiya etilgan.
Shuningdek, ushbu qarorga muvofiq jami 54825 o'rinli 2033 ta oilaviy maktabgacha ta'lim tashkilotlari tashkil etildi va 4150 ta yangi ish o'rinlari yaratildi.