O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamda Tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi hamkorligida imzolangan “Taʼlim muassasalarini zamonaviy yordamchi uskunalar bilan jihozlash” loyihasi doirasida mahorat saboqlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, kunikecha Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan 321-, 404-, 442-, 574-son davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlari uchun ana shunday tushuntirish ishlari olib borildi.
Eshitish qobiliyatini yo‘qotgan yoki eshitishi sust bo‘lgan bolalar bilan tuzatish-pedagogik ishlarini olib borish, ular bilan barcha sog‘lom bolalar qatori muloqotga kirishish maqsadida mazkur tashkilotlar simsiz FM qurilmalari bilan taʼminlandi.
Endilikda bu maskanlarda eshitishida nuqsoni bor bo‘lgan bolalar uchun hech qanday to‘siqsiz taʼlim-tarbiya berib boriladi.
Ushbu yangi avlod eshitish qurilmalari tarbiyachiga ham o‘quv jarayonini oson boshqarish imkonini beradi. Shu bilan birga, bolalar uchun katta hajmdagi maʼlumotlarni o‘zlashtirish osonroq kechdi.