Vazirlik idoralarida xodimlari uchun har juma tongida “Maʼrifat soati” o‘tkazilishidan xabaringiz bor. Mazkur yig‘inda vazirlik xodimlari, idora mutasaddilariga o‘tgan muddat davomida imzolangan qonunlar yana bir qayta eslatib, sharhlab beriladi.
Bugungi juma kungi “Huquqiy savodxonlik” soati mavzusi davlatimiz suverenitetligining ramzlaridan biri O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun, 18-noyabr sanasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i O‘zbekiston gerbi va O‘zbekiston madhiyasi kabi O‘zbekiston Respublikasining rasmiy davlat ramzi sanaladi.
Maʼlumot uchun, 1991 yil 31 avgustda O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini eʼlon qilganidan so‘ng, 1991 yilning 18 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining VIII sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining bayrog‘i to‘g‘ri to‘rtburchak shakldagi matoda aks etgan bo‘lib, uchta asosiy gorizontal rangdor bo‘laklarga bo‘lingan. Ular: yorqin moviy, oq, yorqin yashil. Bu bo‘laklar orasini ikkita qizil rangdagi gorizontal chiziqlar ajratib turadi.
Respublika davlat bayrog‘i mamlakat hududida ilgari mavjud bo‘lgan g‘oyat qudratli saltanatlar bayroqlariga xos bo‘lib, Respublika tabiatiga xos xususiyatlarni, xalqning milliy va madaniy o‘zligini aks ettiradi.
Shuningdek, “Huquqiy savodxonlik” soatida o‘tgan haftada davlatimiz hayotida bo‘lib o‘tgan muhim voqealarning qisqacha sharhlari ham namoyish etildi.