Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘zbekiston Prezidenti maktabgacha ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi

news-detail

Toshkent shahrida kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish masalalari bo‘yicha jahon konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

15 noyabr kuni bu anjumanga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi. 

п2.jpg

Konferensiya dunyoda 2030-yilga qadar maktabgacha ta’lim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va bu boradagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Unda YUNЕSKO Bosh direktori Odri Azule, 150 ga yaqin mamlakatdan vazirlar va vakillar, xalqaro tashkilotlar mutasaddilari qatnashmoqda.

Davlatimiz rahbari nutqining avvalida soha bo‘yicha dunyodagi vaziyatga to‘xtalib, millionlab bolalarning boshlang‘ich bilim olish imkoniyati cheklangani, mutaxassislar birgalashib, maktabgacha ta’lim qamrovini oshirishi muhimligini aytdi. O‘zbekistonda “inson qadri, uning huquq va manfaatlari – oliy qadriyat” degan tamoyil asosida aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratilayotgani ta’kidlandi.

– Bu borada, avvalambor, yoshlar va bolalarga e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz. Bolalarni kichik yoshdan boshlab rivojlantirish orqali kelajakda ularning o‘zligini to‘la namoyon etishiga mustahkam zamin yaratayapmiz. Zero, bu ezgu maqsadimiz yo‘lida sarflangan investitsiyalar ertaga bir necha barobar ortig‘i bilan qaytishiga shubha yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

п3.jpg

Ilgari yurtimizda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi. Bolalar bog‘chalarida zamonaviy qo‘llanmalar yo‘q, binolari ta’mirtalab edi.

Shu bois davlatimiz rahbari bu bo‘g‘inga alohida e’tibor qaratib, barkamol avlodni aynan kichik yoshdan tarbiyalash siyosatini belgilab berdi. O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi farmoniga muvofiq, Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Bog‘chalar qurish va ta’mirlash, ilg‘or tarbiya uslublari va metodikalarini joriy etish bo‘yicha ko‘p ishlar boshlandi.

Sohani rivojlantirish uchun xususiy sektor kirib kelishiga ham imkoniyat yaratildi. Har bir tarbiyalanuvchi bola uchun davlat budjeti hisobidan subsidiyalar berish yo‘lga qo‘yildi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog‘chalar tashkil qilindi.

п5.jpg

Natijada so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim muassasalari soni 6 barobarga ko‘paydi. Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga o‘sib, 160 mingga yetdi. Shu tariqa, bog‘cha yoshidagi 2 million 800 ming nafar boladan 2 million nafari maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi.

Davlatimiz rahbari ta’lim tizimidagi uzviylik masalasiga ham to‘xtaldi. Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar ikki bor uyg‘onish davriga asos solgani, bugungi va kelajak avlodlar ham ilmga intilishi kerakligi ta’kidlandi.

– Biz yurtimizda Uchinchi Renessansni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qo‘yib, uni milliy g‘oya darajasiga ko‘tarmoqdamiz. Biz maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz, – dedi Prezident.

п8.jpg

Bu borada milliy tajriba va jahondagi ilg‘or yutuqlarni uyg‘unlashtirgan holda ish yuritilmoqda. Buni izchil davom ettirib, 2025-yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Prezidenti sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli ta’lim muammolarini global darajada samarali hal qilish, birgalikda tezkor yechimlar va tizimli yondashuvlar ishlab chiqish maqsadida mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda o‘tkazib borish taklifi bildirildi.

п4.jpg

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un bo‘lgan barcha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun Toshkentda YUNЕSKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Kichik yoshdagi bolalar ta’limi bo‘yicha jahon tashkiloti bilan qo‘shma loyiha va tadqiqotlar olib borish, tarbiyaning yangicha uslublari va metodik qo‘llanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dastur ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

п7.jpg

Sohadagi ilg‘or tajribalar, zamonaviy interaktiv o‘qitish uslublari, amaliy bilim va ko‘nikmalar bilan o‘zaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini bayon etdi.

2024-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan kelajak sammitining asosiy mavzularidan biri sifatida, kichik yoshdagi bolalarga ta’lim-tarbiya berish masalasini kiritish muhimligi ta’kidlandi.

Konferensiya turli mavzulardagi sho‘’ba yig‘ilishlari bilan davom etdi. Anjuman yakunlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinadi.

п6.jpg

 

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta'lim agentligi va Saudiya taraqqiyot jamg'armasi o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi

Bugun Maktabgacha ta'lim agentligida agentlik direktori o'rinbosari O. Z. Rahmatillayevning Toshkent shahriga biznes tashrifi bilan kelgan Markaziy Osiyodagi operatsiyalar bo'yicha direktor Muhammad Almasud boshchiligida Saudiya taraqqiyot jamg'armasi (STJ) missiyasi bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi. 28-noyabr kuni Maktabgacha ta'lim agentligi direktorining o'rinbosari O. Z. Rahmatillayevning Toshkent shahriga "Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni qo'llab-quvvatlash" qo'shma loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun ish tashrifi bilan kelgan Markaziy Osiyodagi operatsiyalar bo'yicha direktor Muhammad Almasud boshchiligidagi Saudiya taraqqiyot jamg'armasi (STJ) missiyasi bilan ishchi uchrashuvi o'tkazildi. Ma'lumot uchun: "Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni qo'llab-quvvatlash" loyihasi 2021-yildan boshlab Saudiya taraqqiyot jamg 'armasi (STR) mablag'lari hisobidan amalga oshirilmoqda, uning doirasida kredit mablag'lari maktabgacha ta'lim tashkilotlarini qurish bo'yicha mahalliy loyihalarni DXSH shaklida qo'llab-quvvatlashga yo'naltiriladi. Loyiha summasi 41 million Saudiya rialini tashkil etadi (10,9 mln AQSH dollariga teng). Loyihani amalga oshirish muddati - 2021-2024 yillarga mo'ljallangan. Uchrashuv davomida belgilangan maqsadlarni yo'lga qo'yish samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihaning texnik jihatlari yanada batafsil muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida tomonlar ilgari erishilgan kelishuvlar shartlarini bajarish yuzasidan fikr almashdilar.

Maktabgacha ta'lim agentligi
"Maktabdagi ovqatlantirish - umumiy rivojlanish vektori" xalqaro forumi o'tkazildi

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi delegatsiyasi, Vazirning birinchi o'rinbosari – Maktabgacha ta'lim agentligi direktori A.Shin boshchiligida, MDH mamlakatlarida maktablarda sog’lom ovqatlantirish bo'yicha "Maktabdagi ovqatlantirish - umumiy rivojlanish vektori" xalqaro forumida ishtirok etish maqsadida hozirda Bishkek shahrida bo'lib turishibdi.Ushbu forumning maqsadi maktabda sog’lom ovqatlantirish sohasidagi milliy muammolarni hal qilish, ushbu soha samaradorligini oshirish uchun zamonaviy yechim va vositalarni izlash bo'yicha tajriba va fikr almashishdan iborat.Forumning ochilish marosimida Qirg'iziston Respublikasi ta'lim va fan vaziri D. Kendirbayeva, Bishkek shahri meri A. Junushaliyev va boshqa yuqori martabali shaxslar ishtirok etdilar.Tadbir davomida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi delegatlari keng jamoatchilik oldida O'zbekiston Respublikasi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi ovqatlantirish dasturlarining asosiy yutuqlari va rivojlanish yo'nalishlari to'g'risida taqdimot materiallari bilan chiqish qildilar, davra suhbatlarida qatnashdilar, shuningdek Bishkek shahridagi umumta'lim maktablariga tashrif buyurdilar.Shu bilan birga, Qirg'iziston tomonining taklifiga binoan A.Shin tomonidan delegatsiya bilan birgalikda Qirg'iziston maktabgacha ta'lim tizimi xodimlari uchun "O'zbekistonning 2017-2023 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishdagi yutuqlari" mavzusida seminar o'tkazildi. Xususan, maktabgacha ta'lim sifatini va pedagog kadrlarning malakasini oshirish, maktabgacha ta'limning nodavlat sektorini kengaytirish, DXSH asosida MTTlarni tashkil etish, maktabgacha ta'limni boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, shu jumladan oilaviy MTT larni tashkil etish mexanizmlarini avtomatlashtirish va nodavlat sektorga subsidiyalar ajratish, shuningdek, belgilangan davr davomidagi Maktabgacha ta'lim agentligining xalqaro hamkorlik natijalari kabi dolzarb yo'nalishlar bo'yicha ma'lumotlar taqdim etildi. Forum yakunlari bo'yicha MDHga a'zo davlatlarning ta'lim sohasidagi hamkorlik Kengashi doirasida har yili "MDH mamlakatlarida maktablarda ovqatlantirish masalalari bo'yicha xalqaro forum" o'tkazish to'g'risida Bishkek deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirildi.  

Maktabgacha ta'lim agentligi
Metodistlari uchun o‘quv-amaliy seminar

Bugun Maktabgacha ta’lim agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan eksperimental davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari metodistlari uchun o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi. O‘quv-amaliy seminarda Toshkent shahar va Toshkent viloyatidagi eksperimental davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 20 nafar metodistlari ishtirok etdilar. O‘quv-amaliy seminar jarayonida eksperimental davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari oldida turgan asosiy maqsad va vazifalar, ularning faoliyatini tashkil etishga oid me’yoriy ish hujjatlari bilan ishlash, pedagogning kasbiy standarti, Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari hamda “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asosida bolalarni barcha rivojlanish sohalari bo‘yicha kompetensiyalarini o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirish yo‘llari”, shuningdek, tanlangan tumanlarda yagona uzluksiz metodik xizmatni tashkil etishda kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi. Seminar yakunida ishtirokchilar uchun Agentlikda tashkil etilgan laboratoriyada maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim berishda kompetensiyaviy yondashuvlar bo‘yicha master klas o‘tkazildi. Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining  2023 yil 3 noyabrdagi 532-sonli buyrug‘iga ko‘ra, uzluksiz yagona metodik xizmatni yo‘lga qo‘yish maqsadida Respublikadagi moddiy-texnik holati, metodik xizmat yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va kadrlar salohiyati yuqori darajada bo‘lgan 26 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tanlab olinib, Maktabgacha ta’lim agentligi tasarrufidagi eksperimental davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sifatida tashkil etildi.

Вид сайта
Размер шрифта