“Ishonch” gazetasining 2022-yil 8-oktyabrdagi №123-sonida eʼlon qilingan “Rasmiy javob shunchaki rasmiyatchilik uchun edimi?” sarlovhasi ostida maqola eʼlon qilingan. Mazkur maqolada “Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanidagi 15-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining “Katta Amirobod” MFYda joylashgan filiali nochor ahvolga tushib qolgani, tahririyat ushbu holat yuzasidan vazirlik masʼullaridan izoh olganida mazkur filial 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida rekonstruksiya qilinishi taʼkidlanganligi, biroq 2022-yil tugayotgan bo‘lsa-da, bu yerda hech qanday taʼmirlash ishlari olib borilmagan”ligi maʼlum qilingan.
Maktabgacha taʼlim vazirligi, avvalo, 2019-yilgacha tuman hokimligi balansida bo‘lgan mazkur 15-sonli DMTTning Dovchar qishlog‘idagi filiali bo‘lgan bog‘cha Dang‘ara tumani hokimining 2019-yil 29-iyundagi №2789-sonli buyrug‘i bilan “Kelajakka imkoniyat” MCHJga Davlat-xususiy sherikchilik asosida berilganligini maʼlum qiladi.
Tegishli qarorga binoan, tadbirkor hududdagi eski binolarni taʼmirlashi, amalda egallab turgan yer maydonini biriktirishi va bo‘sh yer maydonida qo‘shimcha binolar qurishi mumkin.
Hokim qarori tasdiqlangach, 2019-yildan boshlab, qariyb 400 mln. so‘mlik qurilish ishlari olib borilgan. Jumladan, tashkilot hududidagi eski binolar buzilib, o‘rniga yangilari qurilgan, shuningdek, taʼmir talab xonalar rekonstrutsiya qilingan(suratlar xatga ilova qilingan).
Ayni vaqtda bog‘cha Dang‘ara tumanidagi 15-maktabgacha taʼlim tashkilotining “Katta Amirobod” MFYda joylashgan filiali binosida “Kelajakka imkoniyat” MCHJ tomonidan davlat xususiy sherikligi asosida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat olib bormoqda. Bugungi kunda MTT qamrovi 75 o‘ringa yetkazilgan.
Maʼumot uchun, bugungi kunda Dang‘ara tumani Dovchar qishlog‘ida 2 ta oilaviy(25+50), 1 ta nodavlat DXSH asosidagi MTT(75 o‘rinli) faoliyat yuritmoqda. Mahallada 3-7 yoshdagi bolalar soni 240 nafar bo‘lib, shundan 62,5 foizi maktabgacha taʼlim jarayoniga qamrab olingan. Shu bilan birga, hududdagi aholining bog‘chaga bo‘lgan talabini kamaytirish maqsadida qishloqqa yaqin hududda 90 o‘rinli yangi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotini qurish rejalashtirilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Maktabgacha taʼlim tizimiga taalluqli bo‘lgan har qanday axboriy material tayyorlashda vazirlik Axborot xizmati bilan hamkorlik qilishingizni so‘raymiz.
Maktabgacha ta'lim vazirligi Axborot xizmati