Xabar berilganidek, ayni vaqtda 26-27-oktyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilishi belgilangan O‘zbekiston-Rossiya III taʼlim forumi davom etmoqda.
Samarqand davlat universitetida o‘tayotgan ushbu nufuzli xalqaro forumda ikki davlat tomonidan 200 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, ishlab chiqarish kompaniyalari vakillari, vazirlik va idoralar masʼullari ishtirok etmoqda.
Forum doirasida ikki mamlakat taʼlim tashkilotlari, yetakchi kompaniyalari o‘rtasida fan, taʼlim, ishlab chiqarish integratsiyasini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, muhandislik-texnologiyasi, energetika, kimyo sanoati sohalarida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyatdagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, anjuman yalpi majlisida ikki davlat rahbarlarining forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Forumning dastlabki ishi mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari bilan Rossiya ishlab chiqarish sektorlari o‘rtasida integratsiyani yo‘lga qo‘yish doirasidagi muzokaralarga bag‘ishlanib, so‘ng shoʻbalarga bo‘lingan holda davom ettiriladi.
Ayni damda Maktabgacha taʼlim vazirligi vakillari 3-shoʻbada o‘z ishlarini davom ettirishmoqda,
Forum yakuni bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilinadi.
Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati