Ushbu siyosiy-maʼrifat soati "21 oktyabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun"ga bag‘ishlandi.
Tadbirda ona tilimizning boy tarixi, unga davlat tili maqomi berilishi va rivoj topishi uchun qilingan saʼy-harakatlar, bugungi kundagi holati va qadr-qimmati haqida so‘z bordi.
Statistik maʼlumotlarga ko‘ra hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etadi. Shu bilan birgalikda xorijiy davlatlardagi 65 ta oliy o‘quv yurtida o‘zbek tili va adabiyoti o‘rganilmoqda.
Ayni vaqtda yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning madaniyati va urf-odatlarini, xususan, ularning ona tillarini rivojlantirish uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan. Turli hududlarda tashkil etilgan 140 ga yaqin milliy madaniyat markazlari ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Siyosiy maʼrifat soatiga mehmon sifatida taklif qilingan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining bo‘lim boshlig‘i U.Boboyorov mamlakatimizda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida davlat tilining to‘liq joriy etilishini taʼminlash, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda huquqiy bilimlarini mustahkamlash yuzasidan olib borilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.