Xalqaro Dzyudo Federatsiyasi, O’zbekiston Dzyudo Federatsuyasi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida Memorandum imzolandi.
Memorandumga maktabgacha ta’lim tizimiga oid “maktabgacha dzyudo” dasturi ham kiritilgan.
Unga ko’ra, Xalqaro Dzyudo Federatsiyasi (IJF) 10 tagacha maktabgacha taʼlim tashkilotini tatami va dzyudochilar bilan taʼminlaydi. Bunda har bir bog’cha oʻquv tatamisi bilan ta’minlaydi hamda har 30 nafar bolaga bir nafardan dzyudochi biriktiriladi.
Maktabgacha ta'lim vazirligi esa hamkorlikda 25 tagacha bog’chani tatami, dzyudochilar va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlaydi.
Shuningdek, Vazirlik Xalqaro Dzyudo Federatsiyasi tomonidan taqdim etilgan tatami va yana ko’plab sport jihozlari uchun yuk tashish, logistika va import bojlarini moliyalash va ta'minlashni kafolatlaydi. Bundan tashqari, MTV bog’cha yoshidagi tarbiyalanuvchilar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha yuqori saviyada musobaqalar tashkil etadi va o‘tkazib boradi.
Sportni rivojlantirish vazirligining Memorandumda ko’rsatilgan vazifasi “Maktabgacha dzyudo” va “Maktablarda dzyudo” dasturlari asosida tashkil etilgan seksiyalarga trenerlar yetkazib berishdir. Shu qatorda, Vazirlik trener va instruktorlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda ham hamkorlarga yordam beradi. Shuningdek, Maktabgacha ta’lim tashkiloti va umumta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida dzyudo bo‘yicha yuqori saviyada musobaqalar tashkil etish va o‘tkazish ham Sportni rivojlantirish vazirligi zimmasiga yuklatilgan.
O‘zbekiston Dzyudo Federatsiyasi “Maktabgacha dzyudo” va “Maktablarda dzyudo” dasturlari asosida tashkil etiladigan guruhlarni sport jihozlari bilan ta’minlaydi hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida sport musobaqalari va shu turdagi boshqa tadbirlarni tashkil etishga ko‘maklashadi.
Xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda mahorat darslari va treninglar tashkil etish, “Maktabgacha dzyudo” va “Maktablarda dzyudo” dasturlari sport seksiyalari uchun o‘quv qo‘llanmalar ishlab chiqish ham mazkur Federatsiya bajarishi kerak bo’lgan funksiyalar tarikibiga kiritilgan.
Hamkorlik Memorandumida belgilab olingan dasturlarni izchillikda jarayonga tadbiq etish 2025 yilning 31-dekabriga qadar etib ko’rsatilgan.
Mazkur hamkorlikdan ko’zlangan maqsad, O’zbekistonda maktabgacha yoshda, maktab davrida hamda maktabdan keyingi davrlarda ham dzyudo sport turini rivojlantirib borishdir. Shu bilan birga, Memorandum maktabgacha ta'lim tashkilotlari va maktablar o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, mamlakatimizda Dzyudo imidjini ko’tarishga yordam beradi.
O’zbekiston Dzyudo Federatsiyasi 2022-yil 31-dekabrgachaXalqaro Dzyudo Federatsiyasiga dzyudo boʻyicha bolalar komissiyasi tomonidan taqdim etiladigan formatga muvofiq loyiha rejasini topshirishi aytilgan.
Bundan keyin O’zbekiston Dzyudo Federatsiyasi har ikki oyda Dasturning borishi to'g'risida Xalqaro Dzyudo Federatsiyasini xabardor qiladi va aloqa uchun ishlatilishi mumkin bo'lgan foto va video materiallar bilan ta'minlaydi. Har olti oyda esa Federatsiya Xalqaro hamkoriga rasmiy hisobot taqdim etadi. Ushbu hisobot Dasturga jalb qilingan bolalar va maktablar soni, mumkin bo'lgan hamkorliklar va olingan natijalardan iborat bo’ladi.
Xalqaro Dzyudo Federatsiyasi istalgan vaqtda ushbu Memorandumni bekor qilishga haqli hisoblanadi. Albatta, ma’lum asoslar bilan.
Jumladan:
- loyiha belgilangan sanada boshlanmasa yoki qabul qilib bo’lmaydigan kechikishlar kuzatilsa;
- Dasturlar aniq bajarilmagan bo’lsa;
- O'zgartirilgan qoidalar yoki moliyaviy sabablarga asos qilib olinsa.
Memorandum 2022 yil 13-oktabrda hamkorlar tomonidan imzolandi.