Samarqandda joriy yilning 21-30 sentyabr kunlari “Tibbiyot oyligi” davomida “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar hayoti va sog‘ligini mustahkamlash”ga qaratilgan amaliy o‘quv seminari, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, sanitariya epidimiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi boshqarmalari hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamkorligida o‘tkazildi.
Ushbu “Tibbiyot oyligi” davomida viloyat hududidagi jami 705 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan 680 nafar tibbiyot xodimlari ishtirok etishib, seminar dasturi asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018-yil 30-apreldagi “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning hayoti va sog‘ligini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlash haqidagi 3012-sonli qarori ijrosi to‘g‘risida;
“Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalarni xavfsiz va sifatli ovqatlantirishni tashkil etishiga oid gigiyenik talablar” mavzusida;
“Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar o‘rtasida yuqumli kasalliklarni oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlar” mavzusida;
“Bolalar to‘g‘ri ovqatlanishini va ularga tibbiy yordamni ko‘rsatilishini tashkil etish uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlarida zarur shart-sharoitlar yuzasidan 626-sonli qaror ijrosi to‘g‘risida”;
“Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tibbiy xizmatni tashkil etish” nomli tibbiy qo‘llanmaning taqdimoti hamda “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida hamshiralarning bir kunlik ish faoliyati” mavzularida taqdimotlar o‘tkazilib, seminar ishtirokchilariga tushunchalar berildi.
Shuningdek, MTT tibbiyot xodimlari, seminarda ishtirok etgan mutaxassislardan ish faoliyatlari davomida kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni savol-javoblar orqali olishdi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi paytlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kuzatilayotgan noxush holatlar yuzasidan Maktabgacha ta’lim vaziri tomonidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, unda:
- joylardagi tibbiyot kollejlari va texnikumlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tibbiyot xodimlari uchun shoshilinch holatlarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘quv seminarlarini tashkil etish;
- maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagog xodimlar uchun shoshilinch holatlarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘quv seminarlarni tashkil etish;
- tarbiyalanuvchilarni ommaviy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kabi dolzarb masalalar muhokama qilingan edi.
Maktabgacha ta’lim tizimida respublika bo‘ylab “Tibbiyot oyligi” davom etmoqda.
Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati