Bugun, 2022-yil 6-oktabr kuni Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi 21-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida favqulodda baxtsiz hodisa yuz berdi, natijada tarbiyalanuvchi I.J. (2018 yilda tug‘ilgan) vafot etdi.
Qayd etilishicha, tarbiyalanuvchi I.J. tashkilot hududidagi bolalar o‘yin maydonidagi temir aylanada o‘ynagan va ehtiyotsizlik natijasida hayot uchun xavfli bo‘lgan jarohatlar olgan. O‘limning aniq sababi va vaqti aniqlanmoqda.
Maktabgacha ta’lim vazirligi marhumning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Ayni paytda ish prokuraturaga o‘tkazilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ehtiyotsizlik oqibatida voqea sodir bo‘lgan vaqtdagi mas’ul shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan choralar qo‘llaniladi.
Ayni paytda mazkur baxtsiz hodisa tufayli 21-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori lavozimidan ozod etilib, viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi va tuman maktabgacha taʼlim boʻlimi rahbariyatiga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan. Tarbiyachi va tarbiyachi yordamchisiga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Maktabgacha ta’lim vazirligining mas‘ul xodimlari holatni nazoratga olgan.
Maktabgacha ta’lim vaziri tomonidan bunday holatlar takrorlanmasligi hamda bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida, respublikadagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi o‘yin maydonchalarida joylashgan xavfli temir konstruksiyalarni inventarizasiyadan o‘tkazish, ularni demontaj qilish, shuningdek, idoraviy qurilish me’yorlari va talablariga muvofiqlashtirish topshirig‘i berildi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati