Ijtimoiy tarmoqlarda, maktabgacha ta’lim tashkilotining tarbiyachisi ota-onalardan tarbiyalanuvchilarning ehtiyojlari uchun gigiyenik vositalar va o‘quv qurollarni maktabgacha ta’lim tashkilotiga keltirib berishlarini so‘raganligi haqidagi tanqidiy post e’lon qilindi.
Bu borada Maktabgacha ta’lim vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi:
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tozalash va gigiyena vositalari hamda kanselyariya mollari bilan ta’minlash maqsadida 2022-yilda davlat byudjetidan 63 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan.
Bundan tashqari, 2022-yilda Bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bepul bir yillik tayyorlov guruhlarini moddiy-texnik vositalar va o‘quv-didaktik materiallar bilan ta’minlash uchun 23,0 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ma’lumot uchun: “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga muvofiq har bir bola maktabgacha ta’lim va tarbiya olish huquqiga ega. Davlat har bir bolaning umumiy o‘rta ta’lim tashkilotiga o‘qishga kirishidan bir yil oldin davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida umumiy o‘rta ta’limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqini kafolatlaydi.
Shu bilan birga, Maktabgacha ta’lim tashkilotining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizomga (3094-son, 03.12.2018y.) asosan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilar va ularning ota-onalaridan turli xil sabablar bilan tashkilot direktori, Kengash a’zolari va boshqa xodimlari tomonidan pul mablag‘larini yig‘ish qat’iyan taqiqlanadi.
Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan qabul qilingan hujjatlarda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, tozalash va gigiyena vositalari, kanselyariya mollari va boshqa o‘quv vositalarini bolalarning ota-onalari (qonuniy vakillari) tomonidan ta’minlash yoki ushbu maqsadlar uchun pul yig‘ish haqida ko‘rsatmalar mavjud emas.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida noqonuniy pul yig‘ish, ta’lim-tarbiya jarayoni uchun zarur vositalarni ota-onalar zimmasiga yuklash va shu kabi boshqa noqonuniy hatti-harakatlarni qat’iyan qoralaydi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati