MAKTABGACHA TA’LIM SOHASIDA FAOLIYAT YURITAYOTGAN TADBIRKORLAR DIQQATIGA !!!

news-detail

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining bir qator qarorlari bilan maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan quyidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanganligini ma’lum qilamiz:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 15-iyuldagi 322-son qaroriga asosan 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab:

a) oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida:

- oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qatnayotgan ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlari va maxsus kontingentlar soni jami tarbiyalanuvchilar sonining 70 foizidan kam bo‘lgan taqdirda, yetmagan qismiga boshqa oilalarning bolalarini qabul qilishga ruxsat etiladi. Bunda, ushbu bolalar uchun ota-onalar to‘lovi shu joydagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun belgilangan hajmlardan oshmaydigan miqdorda o‘rnatiladi;

- oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchi lavozimlari uchun 4,5 tagacha shtat birligini ajratishga ruxsat etiladi. Bunda, tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchilarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ish haqi xarajatlarini qoplash uchun subsidiya haqiqatda band qilingan, lekin 4,5 tadan (Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida — 2,25 tadan) ko‘p bo‘lmagan shtat birligidan kelib chiqib to‘lanadi;

- tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchilariga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ish haqi xarajatlarini qoplash uchun subsidiya jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va boshqa ajratmalar ushlangandan so‘ng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu xodimlarning plastik kartasiga o‘tkazib beriladi;

- oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini boshlash uchun sog‘liqni saqlash organlari bilan majburiy ravishda tarbiyalanuvchilarga tibbiy yordam ko‘rsatishga oid shartnoma tuzish tartibi bekor qilinadi;

b) davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, shu jumladan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida:

- Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan subsidiya va kompensasiyalar miqdorini hisoblashda maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnayotgan 3 yosh va undan katta yoshdagi (boquvchisini yo‘qotgan ayollarning 2 yosh va undan katta yoshdagi), lekin 7 yil 8 oydan katta bo‘lmagan yoshdagi tarbiyalanuvchilar hisobga olinadi;

- ota-onalar to‘lovi miqdorini mustaqil ravishda belgilagan holda 3 yoshga to‘lmagan bolalarni ham qabul qilishga ruxsat etiladi. Bunda 3 yoshga to‘lmagan bolalarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratilmaydi (boquvchisini yo‘qotgan ayollarning 2-3 yoshdagi farzandlari bundan mustasno);

v) tabiiy gaz uchun kompensasiya markazlashgan tabiiy gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan, lekin isitishning boshqa turlaridan, shu jumladan suyultirilgan gaz yoki ko‘mir mahsulotlaridan foydalanayotgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ham to‘lanadi (oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bundan mustasno);

2. Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 3-avgustdagi 426-son qaroriga asosan 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab:

a) davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, shu jumladan, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida:

- Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar xodimlarning ishga kelib-ketishi hamda tarbiyalanuvchilarning davomatidan kelib chiqib Maktabgacha ta’lim vazirligining nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimida (keyingi o‘rinlarda NMTTBAT) avtomatik ravishda hisoblab chiqiladi;

Izoh: Bunda, tadbirkorlar subsidiya olish uchun qog‘ozda buyurtmanomani shakllantirishi, uni tuman (shahar) maktabgacha ta’lim bo‘limi bilan kelishishi va moliya bo‘limiga taqdim etishi bilan bog‘liq qog‘ozbozliklar va byurokratik ovoragarchiliklar to‘liq bartaraf etiladi.

- xodimlarning ishga kelib-ketishini hisobga olish hamda tarbiyalanuvchilarning davomatini yuritish NMTTBATning mobil ilovasi yordamida shaxsni biometrik identifikasiya qilish texnologiyasi orqali amalga oshiriladi;

b) amalga kiritilayotgan Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar va kompensasiyalar to‘lash tartibi to‘g‘risida Nizomda quyidagilar belgilanganligi:

- DXSH asosidagi MTTda (ish haqi xarajatlarini qoplash uchun subsidiya olmaydigan DXSH asosidagi MTTlar bundan mustasno) kadrlar tarkibi o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlar xodimlar ishga qabul qilingan va ishdan bo‘shatilgan kunda NMTTBATga kiritilishi hamda ularning davomati ushbu Nizomda belgilangan tartibda hisobga olinishi zarur;

Izoh: aks holda ishlayotgan xodimning davomatini yuritish va unga ish haqi uchun subsidiya miqdorini hisoblash imkoniyati bo‘lmaydi.

- NMTTBATga ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etmagan DXSH asosidagi va boshqa nodavlat MTTga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar va kompensasiyalar to‘lanmaydi;

- subsidiyalarning oylik summalari NMTTBATda qayd etilgan xodimlar va tarbiyalanuvchilarning davomati asosida hisoblanadi. Bunda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda ko‘rsatilgan DXSH asosidagi MTTning manzili (joylashuvi bo‘yicha geolokasiyasi)dan boshqa joyda qayd etilgan xodimlar va tarbiyalanuvchilarning davomati NMTTBATda hisobga olinmaydi va ular uchun subsidiya to‘lanmaydi;

Izoh: subsidiya va kompensasiya oladigan barcha DXSH asosidagi va boshqa nodavlat MTT rahbarlari o‘z tashkiloti (shuningdek uning lokasiyasi), ulardagi xodimlar va tarbiyalanuvchilari to‘g‘risida to‘liq va haqqoniy ma’lumotlarni NMTTBATga kiritganda hamda xodimlar va tarbiyachilar davomatini mobil ilova orqali elektron yuritgandagina, NMTTBATda subsidiya hajmini hisoblash imkoniyat vujudga keladi.

- bir bolaning ma’lumotlari NMTTBATga kiritilib, uning fotosurati o‘rniga boshqa bola (tarbiyalanuvchi)ning fotosurati ushbu axborot tizimiga joylashtirilganligi va uning asosida davomati belgilanib kelinayotganligi aniqlanganda mazkur tarbiyalanuvchi MTTga qatnagan barcha davri uchun to‘langan subsidiyalar summasi to‘liq Davlat byudjetiga undiriladi. Ushbu holat aniqlangan oydan boshlab uch oy davomida subsidiya to‘lovlari mazkur DXSH asosidagi MTTga hisoblanmaydi va to‘lanmaydi. Bunday holat ikkinchi marta aniqlanganda ushbu DXSH asosidagi MTT bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim bekor qilinadi va qayta tuzilmaydi;

Izoh: NMTTBATda bolaning haqiqiy va sifatli fotosurati joylashtirilishi zarur.

- DXSH asosidagi MTT rahbari ushbu tashkilot va xodimlariga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarning NMTTBATga o‘z vaqtida kiritilishi, ularning to‘liqligi va haqqoniyligi bo‘yicha javobgar hisoblanadi. Bunda, NMTTBATga noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar kiritilishi natijasida subsidiya va kompensasiyalarni moliyalashtirish imkoniyati bo‘lmasa, javobgarlik tegishli oilaviy MTT rahbariga yuklanadi hamda ma’lumotlarning to‘g‘riligi va to‘liqligi ta’minlangandan so‘ng subsidiyalar va kompensasiyalar qayta hisob-kitob qilinib, hisobot oyidan keyin keladigan oyda belgilangan tartibda moliyalashtiriladi;

Izoh: agar DXSH asosidagi MTT rahbari tashkilotning bank rekvizitlari hamda xodimining bank kartasi bo‘yicha ma’lumotlarni NMTTBATga noto‘g‘ri kiritsa, tabiiy ravishda mablag‘ oluvchi aniqlanmaganligi sababli ushbu to‘lovlarni o‘tkazish imkoniyati bo‘lmaydi va bank muassasalari tomonidan qaytariladi.

- DXSH asosidagi va xususiy MTTga Davlat byudjeti mablag‘laridan subsidiyalar va kompensasiyalar miqdori ular tomonidan NMTTBAT va uning mobil ilovasidan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlar amalga oshirilgandan so‘ng hisoblanadi;

Izoh: Vazirlar Mahkamasining 24.03.2022-yildagi 129-son qaroriga muvofiq DXSH tashkilotlarida subsidiyalarni berish jarayonini raqamlashtirishda ushbu tashkilotlarda foydalaniladigan jihozlarni xarid qilish, aloqa xizmatlari va NMTTBATdan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlar DXSH tashkilotlarining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

v) amalga kiritilayotgan Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘g‘risida Nizomga muvofiq oilaviy MTT shaklidagi davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun yakka tartibdagi tadbirkor davlat sherigiga NMTTBAT orqali elektron shaklda ariza bilan murojaat qilish tartibi joriy etiladi.

Izoh: Bunda, tadbirkorlar ariza berish va zarur hujjatlarni jamlash va maktabgacha ta’lim bo‘limiga taqdim etish bilan bog‘liq qog‘ozbozliklar va byurokratik ovoragarchiliklar to‘liq bartaraf etiladi.

Hurmatli tadbirkorlar !

2022-yil 1-sentyabrdan boshlab joriy etilayotgan yangi tartiblar to‘g‘risida batafsil quyidagi havolalar orqali o‘tib, o‘qib chiqishingiz mumkin:

a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 15-iyuldagi 322-son qarori (https://lex.uz/docs/6108866 );

b) Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 3-avgustdagi 426-son qarori (https://lex.uz/docs/6141472 ).

Qo‘shimcha savollar mavjud bo‘lganida, hududlar bo‘yicha joylashuvidan kelib chiqib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, hududiy Maktabgacha ta'lim boshqarmalariga quyidagi telefon raqamlari orqali  savollar bilan murojaat qilishingiz hamda https://t.me/nmttbat, https://nodavlat-bogcha.uz/ havolalari orqali o'zingizni qiziqtirgan savollarga javob olishingiz mumkin.

 

 

Hududlar

Aloqa raqamlari

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

61 222-55-31

Andijon viloyati

74 225-27-98

Buxoro viloyati

65 220-46-78

Jizzax viloyati

72 226-92-15

Qashqadaryo viloyati

75 221-28-09

Navoiy viloyati

79 220-14-62

Namangan viloyati

69 234-10-74

Samarqand viloyati

66 233-93-96

Sirdaryo viloyati

67 225-48-05

Surxondaryo viloyati

76 227-35-50

Toshkent viloyati

70 202-10-11

Toshkent shahri

71 235-24-95

Farg‘ona viloyati

73 226-09-93

Xorazm viloyati

62 224-86-76

Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati 

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi
Kitob tumanidagi chekka hududlardan birida zamonaviy maktabgacha ta'lim tashkiloti ochildi

  Kitob tumanining chekka hududlaridan biri hisoblangan "Zarafshon" MFYda davlat xususiy sherikchilik asosida yana bir nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyat boshladi.     40 yillik mehnat tajribasiga ega, "Sog‘lom turmush" medali sohibasi Munavvar Tursunova tomonidan tashkil etilgan "Boychechak" nomli 100 o'ringa mo'ljallangan mazkur muassasada bolajonlarning ta'lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.        Bino ochilish marosimida Kitob tumani hokimligi, tuman prokuraturasi, mahalla faollari, nuroniylar, bolajonlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.       Tadbir qatnashchilari tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.        

Maktabgacha ta'lim agentligi
Bog'cha bolalariga quvonch ulashildi

  Davlatobod tumanida joylashgan sog'ligida nuqsoni bor bolalar tarbiyalanuvchi maxsus maktabgacha taʼlim tashkilotida "Xayr bog'cham" tadbiri o'tkazildi.       Tadbirda Namangan viloyati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi va Davlatobod tumani YHXG xodimlari ishtirok etib, bolajonlarning quvonchiga quvonch qoʻshishdi.       Tarbiyalanuvchilar tomonidan ijro etilgan kuy va qo'shiqlar barchaga ko'tarinkilik bagʻishladi.        Tadbir yakunida YPX inspektorlari tomonidan bolajonlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.    

Maktabgacha ta'lim agentligi
Agrippina Shin Yashnobod tumanidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari holatini oʻrgandi

  Shu kunlarda Davlatimiz rahbarining Yashnobod tumaniga kutilayotgan tashrifiga tayyorgarlik yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʻlimi vazirining birinchi oʻrinbosari, Maktabgacha taʻlim agentligi direktori Agrippina Shin tumandagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida boʻlib, ish jarayonlari holatini koʻzdan kechirdi.       Jumladan, tumanning “Dilbogʻ” mahallasida joylashgan 86-, 93- hamda 306-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga berilayotgan taʼlim-tarbiya va muassasa holatini oʻrgandi.       Shuningdek, tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, yozgi sogʻlomlashtirish mavsumiga tayyorgarlik, moddiy-texnik baza kabi bir qancha yoʻnalishlarda ayni kundagi vaziyat bilan yaqindan tanishdi.       Oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq koʻrsatma va metodik tavsiyalar berildi.      

Вид сайта
Размер шрифта