Bugun Maktabgacha ta’lim vazirligi binosida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘limi boshlig‘i mayor Mirkarimov Mirkomil Mirkadirovich va yong‘in-qutqaruv otryadi o‘t o‘chirish maxsus texnika hamda shaxsiy tarkibini jalb etgan holda birlamchi o‘t o‘chirish vositalari hamda qutqaruv maxsus asbob-anjomlaridan foydalanish usullarini amalda qo‘llanilishi vazirlik xodimlariga ko‘rsatib o‘rgatildi.
Tadbir jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-maydagi “O‘zbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-144-sonli Farmoni haqida tushuncha berildi.
Mazkur Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida, Maktabgacha ta’lim vazirligida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutaxassislari va uning yong‘in-qutqaruv otryadi maxsus texnika hamda shaxsiy tarkibini jalb qilgan holda vazirlik markaziy apparati ishchi xizmatchilari bilan zilzila shuningdek, uning oqibatlariga oid ko‘rgazmali o‘quv-uslubiy vositalardan foydalangan holda nazariy-amaliy o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Shuningdek, “O‘zbekistonda fuqarolarni zilzila vaqtida tegishli harakat va tadbirlarni amalga oshirishga tayyorlash” mavzusida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Hayot faoliyati xavfsizligini o‘qitish markazi o‘qituvchisi-metodist Xidirbayeva Guljamol Nuraddinovna tomonidan ma’ruza qilinib, "Zilzilaning vayron qiluvchi kuchi" mavzusida hujjatli film namoyish etildi.
Tadbir yakunida vazirlik ishchi-xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati