Navoiy viloyati Maktabgacha taʼlim boshqarmasi tomonidan «Maktabgacha taʼlim sifati: joriy holat va istiqboldagi vazifalar» mavzusida tashkil etilgan Avgust konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda boshqarma, hududiy boʻlimlar va maktabgacha taʼlim tashkilotlarining rahbar va pedagoglari hamda masʼullari ishtirok etdi.
Dastlab anjumanga tashrif buyurgan mehmonlar tizimga oid tashkil etilgan koʻrgazmalar taqdimoti bilan tanishishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining Moliyaviy-iqtisodiy rivojlanishini rejalashtirish boshqarmasi boshligʻi sohadagi islohotlar natijasida maktabgacha taʼlim tizimida boshqaruv mexanizmi tubdan takomillashtirilganligi natijasida nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimi isloh qilinganligini, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim tizimi qayta koʻrib chiqilganligini taʼkidladi.
Shuningdek, tadbirda viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi “Maktabgacha taʼlim sifati: joriy holat va istiqboldagi vazifalar” mavzusida maʼruza qildi.
Tinglovchilar bilan maktabgacha taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, maktabgacha taʼlim tizimi rahbar va pedagog kadrlari faoliyati sifatini oshirish, takomillashtirilgan “Ilk qadam” davlat dasturining mazmuni, “Bolalik akademiyasi” elektron platformasi va mazkur platforma orqali tarbiyachilar malakasini oshirish, ish hujjatlarini yuritish, hamshiralarning hujjatlari kabi muhim mavzular muhokama etildi.
Konferensiyaning yakuniy qismida boshqarma boshligʻi soʻzga chiqib, “Maktabgacha taʼlim tizimida 2022-2023-oʻquv yilidagi asosiy vazifalar” toʻgʻrisida maʼruza qildi. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari ijrosida namoyish etilgan badiiy-musiqiy dastur barchaga manzur boʻldi. Tadbir soʻnggida tizimda samarali mehnat qilgan bir guruh rahbar va pedagoglar viloyat hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.