Joriy yil 11-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligida Planet One Group Bosh direktori janob Dipak Balaji bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda respublika hududida maktabgacha taʼlim sohasida yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun arab kompaniyasi tomonidan xalqaro moliya institutlarining kredit mablagʻlarini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Xorijiy delegatsiya rahbari majlis ishtirokchilarini qutlar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahnamoligida va uning diqqat-eʼtibori ostida keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak baholadi.
Jumladan, janob Dipak Balajining fikricha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida respublikada maktabgacha taʼlim sohasida salmoqli natijalarga erishildi va 2017-yilda alohida Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil topgani ushbu sohada yangi ilgʻor va innovatsion yechimlar paydo boʻlishiga, shuningdek, 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2017-yildagi 27,7 foizdan 2022-yilning birinchi yarmida 69,4 foizga oshishiga koʻmaklashdi.
Uchrashuv doirasida janob Dipak Balaji Maktabgacha taʼlim vazirligiga BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishda tegishli qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish orqali yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda “Planet One Group” kompaniyasi rahbariyati shu yilning noyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va oʻqitish boʻyicha ikkinchi butunjahon konferensiyasi” doirasidagi har qanday birgalikdagi saʼy-harakatlarda faol ishtirok etishi va tegishlicha moliyaviy hissa qoʻshishi haqida kelishib olindi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar birgalikdagi harakatlarni, shu jumladan, quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi:
– ixtisoslashtirilgan va koʻp tarmoqli maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish, jihozlash va xodimlarining malakasini oshirish;
– yangi, innovatsion, raqamli maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish;
– STEAM dasturi doirasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish.