Bugungi kunda ilmiy kuzatish va tadqiqotlar natijasida inson oʻz hayoti davomida oladigan barcha maʼlumotning yetmish foizini besh yoshgacha boʻlgan davrda olib ulgurishi aniqlangan. Darhaqiqat, bu davrda inson bolasi dunyoni anglaydi, oʻz ona tilini oʻzlashtiradi, ota-ona, oila, mahalla, Vatanga mehri uygʻonadi, umr davomida oladigan bilimlarga zamin hozirlaydi. Shu bois mamlakatimizda aynan maktabgacha taʼlim uzluksiz taʼlim tizimining ajralmas boʻlagiga, taʼbir joiz boʻlsa, uning debochasiga aylanganligining guvohi boʻlib kelmoqdamiz.
Xususan, tizim tashkil etilgandan keyin, yaʼni 2017-2021-yillarda amalga oshirilgan ishlarning naqadar sezilarli oʻsganligini koʻrishimiz mumkin. Misol tariqasida quyidagi raqamlarga ahamiyat qaratsak:
2017-yilda respublika boʻyicha 5 211 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari soniga nisbatan besh barobarga oshib, hozir kunda 28 012 tani tashkil etmoqda.
2017-yilda maktabgacha taʼlim tizimiga ajratilgan mablagʻlar
jami 2,0 trln.soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yil uchun esa 9,5 trln.soʻm mablagʻ ajratildi.
2017-2022-yillarda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi ikki barobardan oshdi. Jumladan, 2017 yilda maktabgacha yoshdagi bolalarning 708 ming nafari maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan boʻlsa, bugungi kunga bolalarning qamrab olinishi 1 mln 960 ming nafarga (69,4 foiz) yetdi.
Maktabgacha taʼlim tizimida yana bir qulaylik yaratildiki unda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari uchun bepul maktabgacha taʼlimning muqobil turlari joriy etildi. Jumladan:
• «Aqlvoy» loyihasi doirasida respublikadagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari mavjud boʻlmagan hamda qamrov koʻrsatkichlari past boʻlgan 142 ta MFYda 7 mingga yaqin bolalarni qamrab oladigan qayta jihozlangan 65 ta avtobuslar negizida 387 ta mobil guruhlar shakllantirildi.
• BMTning Xalqaro bolalar fondi YUNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda tajriba-sinov tariqasida “Turli xil yoshdagi maktabgacha taʼlim guruhlari” (oʻyin guruhlari) muqobil shakli joriy etildi.
Maktabgacha taʼlim tizimidagi pedagoglar soni 2017-yilda 58 400 nafarni tashkil etgan boʻlsa, hozirgi kunda esa 149 024 nafarni tashkil etmoqda.
2021-2022 oʻquv yilidan boshlab Maktabgacha taʼlim vazirligi tasarrufidagi 96 ta pedagogika kollejlarida jami 54 551 nafar talaba oʻqimoqda.
Maktabgacha taʼlim vazirligining tashabbusi bilan Toshkent shahrida Puchon universiteti hamda “A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti” Federal davlat-byudjet oliy taʼlim muassasalarining filiallari tashkil etildi.
Taʼlim va tarbiya jarayonida “Ilk qadam” davlat dasturi qabul qilindi. “Ilk qadam” davlat dasturi asosida 5 ta markaz asosida taʼlim tarbiya ishlari olib borilmoqda.
2018-2021-yillar davomida maktabgacha taʼlim tashkilotlariga “Ilk qadam” dasturi va davlat talablari asosida 3 920 500 ta oʻquv va metodik qoʻllanmalar yetkazib berildi.
Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan alohida ehtiyojlarga ega boʻlgan bolalarning taʼlim va tarbiyasi ham chetda qolmadi.
Inklyuziv taʼlim tamoyillari va imkoniyati cheklangan bolalarga yordam koʻrsatishning yangi imkonlari joriy etildi. Bularni Nukus, Qarshi, Zarafshon shaharlari va Qibray tumanida reabilitatsiya markaziga ega boʻlgan koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan va qoʻshma turdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda 74 ta koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari mavjud boʻlib, unda imkoniyati cheklangan rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsoni boʻlgan 6 434 nafar tarbiyalanuvchi taʼlim va tarbiya olishmoqda.
2021-yilda barcha koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari reabilitatsiya asbob uskunalari bilan taʼminlandi.
Maktabgacha taʼlim vazirligini rivojlantirish yoʻlida 3 ta Oʻzbekiston Respublikasining Qonunlari, 20 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va Qarorlari, 61 ta Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari ishlab chiqildi.
Ushbu sohada ijobiy natijalar nafaqat yurtimizda balki jahon miqyosida eʼtirof etilayotganligi munosabati bilan YUNESKO shafeligi asosida joriy yilning 14-16-noyabr kunlari 200 ga yaqin davlatlar ishtirokida “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish boʻyicha II Butunjahon konferensiyasi”ni oʻtkazilishi rejalashtirilgan.