2022-yil 28-iyul sanasida Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahar Maktabgacha taʼlim boʻlimi tasarrufidagi 1-Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida mazkur maktabgacha taʼlim tashkilotida qatnamaydigan 2014-yilda tugʻilgan S.X. singlisi A.X. bilan birgalikda bogʻchaga kelgan. Tayyorlov guruhi tarbiyachisi S.J. S.X. hamda A.X.ning onasining iltimosiga koʻra qonunga zid ravishda S.X.ni ham olib qolgan.
Tushlik paytida opa – singil S.X. va A.X. tashkilot hojatxonasiga chiqishgan. Opasi hojatxona ichkarisiga kirgan paytda, singlisi tashqaridan hojatxona eshikni ochib-yopib oʻynagan. Natijada hojatxona eshigining oynasi sinib, shisha boʻlaklari S.X.ni jiddiy jarohatlagan. Voqeadan xabar topgan tashkilot hamshirasi tezda birinchi yordam koʻrsatgan. Biroq, S.X.ning jarohati chuqurligi sabab, koʻp qon yoʻqotish natijasida vafot etgan.
Holat yuzasidan Shahrisabz shahar prokuraturasi oʻrganish olib bormoqda.
Marhumning yaqinlariga chuqur hamdardligimizni bildiramiz.