@Kusherbayevga_murojaat telegram kanalida “Prezident selektorida ishdan ketgan mudir yana oʻz joyiga qaytdi” mavzusida tarqalgan xabarga Maktabgacha taʼlim vazirligining rasmiy munosabati.
Mavzu yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2021-yil 24-may kuni maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi past boʻlgan hududlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida videoselektor orqali yigʻilish oʻtkazilgan. Yigʻilishda bir qator tashkilotlarga topshiriqlar berilgan asosida vazirlikka bayonnoma taqdim etilgan.
Maʼlumot uchun: Ushbu yigʻilish bayonining 10-bandida Qoraqalpogʻiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri, Toshkent shahar maktabgacha taʼlim bosh boshqarmasi boshligʻi, viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmalari boshliqlari va tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlari mudirlari egallab turgan lavozimlaridan ozod etilishi hamda yangi rahbar lavozimga tayinlanguniga qadar ularning vazifasi vaqtincha bajaruvchiga yuklatilishi koʻrsatib oʻtilgan.
Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Qonun ijrosini taʼminlash maqsadida oʻrnatilgan tartibda Ichki ishlar vazirligi Tezkor-maʼlumotlar boshqarmasining “Tezkor maʼlumotlarni hisobga olish” tizimi orqali 207 nafar tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlari mudirlari hujjatlari oʻrganilganda 38 nafar boʻlim mudirlarida Qonunining 44-moddasi boʻyicha cheklov borligi (muqaddam sudlanganligi holati ) aniqlangan.
Jumladan, R.Karimovga nisbatan Qonunining 44-moddasida belgilangan talablari boʻyicha cheklov mavjudligi sababli R.Karimov Buxoro viloyati Shofirkon tumani maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri vazifasi vaqtincha bajaruvchi etib tayinlanmagan.
Ammo, R.Karimov qabul qilingan qarordan norozi boʻlib Fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar Mirobod tumanlararo sudiga (Maktabgacha taʼlim vazirligi Mirobod tumanida joylashganligi sababli) murojaat qilgan, mazkur sudning tegishli qarori bilan qayta lavozimga tiklangan.
Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga R.Karimov yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar Mirobod tumanlararo sudining 2021-yil 21-sentyabrdagi hal qiluv qaroriga nisbatan apellyatsiya shikoyati kiritilgan boʻlib, sudlov hayʼati apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishdan rad etgan.