Maktabgacha taʼlim tizimi xodimlarining mehnat huquqi, huquqbuzarliklarning oldini olish, shartnomalar va murojaatlar bilan ishlash boʻyicha bilimlarini kuchaytirish maqsadida tizimda, 2022-yilning 14-iyunidan 14-iyuligacha “Huquqiy savodxonlik oyligi” oʻtkazilishi belgilandi.
“Huquqiy savodxonlik oyligi” doirasidagi oʻtkazilayotgan davra suhbatlarining navbatdagi manzili Buxoro viloyati boʻldi.
Davra suhbatida Maktabgacha taʼlim vazirligi, Buxoro viloyati Prokuraturasi, Buxoro viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi, tuman va shahar maktabgacha taʼlim boʻlimi, maktabgacha taʼlim tizimi xodimlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Maktabgacha taʼlim tizimi xodimlari bilan oʻtkazilgan yuzma-yuz uchrashuvda tizimda faoliyat olib borayotgan xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, shuningdek shartnomaviy munosabatlarga oid qonunchilik hujjatlari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari haqida aniq va batafsil maʼlumotlar berildi.
Samimiy ruhda oʻtkazilgan davra suhbatida Buxoro viloyati maktabgacha taʼlim tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga vazirlikning Yuridik hamda Kadrlar boshqarmasi boshliqlaridan javob oldilar.