Maktabgacha taʼlim vazirligida konstitutsion islohotlar muhokama qilindi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining oʻrinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov ishtirok etdi.
Muhokamada alohida qayd etilishicha, konstitutsiyaviy qonun loyihasi Konstitutsiyamizning 60 dan ortiq moddalariga 200dan ortiq tuzatishlarni nazarda tutmoqda. Konstitutsiyaga oʻzgartishlar “inson-jamiyat-davlat” prinsipiga asoslangan boʻlib, milliy konstitutsiyaviy oʻzlikni aks ettiradi va amaldagi Konstitutsiyamizning barcha boʻlimlariga tub oʻzgartishlar kiritishni nazarda tutadi.
Qayd etilishicha, konstitutsiyaviy tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub boʻlgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini taʼminlashga, himoya qilishga qaratilgan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan normalarga aylanadi.
Xususan, Konstitutsiyaning 41-moddasiga qoʻshimcha sifatida maktabgacha taʼlim va tarbiya davlat nazoratida boʻlishi belgilab qoʻyilmoqda.