Maktabgacha taʼlim tizimi xodimlarining mehnat huquqi, huquqbuzarliklarning oldini olish, shartnomalar va murojaatlar bilan ishlash boʻyicha bilimlarini kuchaytirish maqsadida tizimda, 2022-yilning 14-iyunidan 14-iyuligacha “Huquqiy savodxonlik oyligi” oʻtkazilishi belgilab qoʻyildi.
“Huquqiy savodxonlik oyligi” doirasidagi dastlabki davra suhbati Fargʻona vodiysidan boshlandi.
Unda Maktabgacha taʼlim vazirligi Yuridik boshqarma boshligʻi, vazirlikning Kadrlar boshqarma boshligʻi, Fargʻona viloyat Adliya boshqarmasi masʼul xodimi, viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi, Fargʻona, Andijon hamda Namangan viloyatlaridan tashrif buyurgan maktabgacha taʼlim tizimda faoliyat olib borayotgan 500 ga yaqin xodimlar ishtirok etdi.
Davra suhbatida maktabgacha taʼlim tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, shuningdek shartnomaviy munosabatlarga oid qonunchilik hujjatlari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari haqida aniq va batafsil maʼlumotlar berildi.
Ochiq, oshkora va samimiy ruhda boʻlib oʻtgan davra suhbatida vodiy viloyatlaridagi maktabgacha taʼlim tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga vazirlikning Yuridik hamda Kadrlar boshqarmasi boshliqlaridan javob oldilar. Davra suhbatida ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etib, tadbir ishini kuzatib bordi.