Toshkent viloyati Maktabgacha taʼlim boshqarmasi tashabbusi bilan maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini boshqarish yuzasidan jamoatchilik nazoratini takomillashtirish hamda Kuzatuv kengashlari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Toshkent viloyati Ohangaron shahar Maktabgacha taʼlim boʻlimi tasarrufidagi 14-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida “Maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini boshqarish yuzasidan jamoatchilik nazoratini takomillashtirishda Kuzatuv kengashlari faoliyatining oʻrni” mavzusida viloyat miqyosidagi amaliy seminar boʻlib oʻtdi.
Unda viloyatning barcha tuman va shahar Maktabgacha taʼlim boʻlimlarining davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini muqobil oʻqitishni tashkil etish metodistlari hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlari ishtirok etishdi.
Seminar davomida “Kuzatuv kengashi meʼyoriy hujjatlarini yuritilishi”, “Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tashkil etilgan pullik xizmat faoliyatlaridan tushadigan mablagʻlar hisobotini yuritilishi” kabi mavzularda mutaxassislar tomonidan tushunchalar berib oʻtildi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tashkil etilgan pullik xizmatlar faoliyati haqida soʻz ketarkan, bunda xolislik, adolat va shaffoflik prinsiplari asosida yoʻlga qoʻyilgan faoliyat yaxshi samaralar berishi xususida fikrlar bildirildi.
“SWOT DARAXTI» metodikasi boʻyicha trening tashkil etilib, ishtirokchilar mavzu boʻyicha tajribalaridan kelib chiqib muammolar va uning yechimi borasida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Seminarning ikkinchi bosqichi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida jamoatchilik asosida tashkil etilayotgan “Konsilium markazi”ning faoliyatiga bagʻishlandi.
Konsilium markazining asosiy vazifasi tarbiyalanuvchilarning ota-onalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitini yanada sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish, ota-onalarning farzand tarbiyasidagi huquqiy, maʼnaviy-axloqiy, pedagogik, psixologik bilimlarini oshirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
Afsuski, kundalik hayotimizda oʻz farzandining tarbiyasiga yetarlicha eʼtibor bermayotgan ota-onalar, nosogʻlom oila muhitida yashayotgan bolalar ham uchrab turadi. Ularning ota-onalariga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllashda jamoatchilikning oʻrni beqiyosdir. Bunday oila farzandlariga yordam koʻrsatish, maʼnaviy muhitni yaxshilashga koʻmaklashishda soha vakillarining mahalla ahli bilan hamkorlikdagi faoliyati ijobiy natijalar berishi kutilmoqda. Shu bois ham maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Yosh onalar maktabi”, “Buvijonlar maktabi”, “Yosh otalar maktabi” yoʻlga qoʻyilib, har ikki tomonning talab va taklifi, istak va imkoniyati, muammo va yechimlari oʻrtaga tashlanib, eng maqbul choralarni koʻrish belgilab qoʻyilgan.