Maktabgacha taʼlim sohasi uzluksiz taʼlim tizimining birlamchi boʻgʻini hisoblanib, u har tomonlama sogʻlom va barkamol bola shaxsini tarbiyalash va ularni maktabga tayyorlashda gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda yoshlarning kelajagiga qaratilayotgan eʼtibor, taʼlim tizimida istiqbolli dasturlar asosida olib borilayotgan amaliy ishlar Vatan, jamiyat taraqqiyoti yoʻlida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari maktab yoshigacha boʻlgan bolalarning savodini chiqarish, ularda Vatanni sevish, u bilan gʻururlanish hissini uygʻotish, dunyoqarashini kengaytirish imkonini beradi. Zamonaviy bogʻchalarda taʼlim-tarbiya olayotgan oʻgʻil-qizlar jamiyatga munosib inson boʻlib ulgʻayishadi. Payariq tumanida 2019-yil davlat xususiy sherikchilik asosida «Manzurabonu» va “Davlatbek koʻzmunchogʻi” nomli nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etilib, bolajonlarni maktab taʼlimiga qamrab olgan edi. Har ikkala bogʻchada ham 150 nafardan jami 300 nafar jajjilar zamonaviy shart-sharoitlarda taʼlim-tarbiya olishyapti.
Mashgʻulot xonalari, oshxona yangicha uslubda jihozlangan. Bu yerda bolajonlarning dastlabki bilim va koʻnikmalarini shakllantirish uchun barcha zarur qulayliklar yoʻlga qoʻyilgan. Guruhlar kuzatuv kameralari bilan taʼminlangan.
Yurtimizda yoshlarning kelajagiga qaratilayotgan eʼtibor, taʼlim tizimida istiqbolli dasturlar asosida olib borilayotgan amaliy ishlar Vatan, jamiyat taraqqiyoti yoʻlida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi. Bu yerda istiqomat qiluvchilarning quvonchi cheksiz. Chunki qishloqda shahardagidan qolishmaydigan bogʻcha bor. Mashgʻulotlar va tarbiyaviy ishlar zamon talablari asosida, innovatsion texnologiyalardan samarali foydalangan holda mazmunli va qiziqarli tarzda tashkil etiladi.
Albatta, kelajagimiz egalari boʻlgan yosh avlod kamolotiga bogʻcha yoshidanoq eʼtibor qaratish, ular taʼlim-tarbiya olayotgan maskanda yetarli shart-sharoitlarni yaratish davr talabi. Yangi maktabgacha taʼlim tashkilotida 50 nafar ish oʻrin yaratib, shundan 22 nafar ishsiz ayollar doimiy ish bilan taʼminlandi.
Bolaning kun davomidagi hayoti u tarbiyalanayotgan bogʻcha dargohi, bu yerdagi muhit bilan chambarchas bogʻliqdir. Ayniqsa, qishloq joylarda yangi barpo etilayotgan bolalar bogʻchalari jahon andozalariga mos ravishda barpo etilishiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, yangi bogʻchalar dilbandlarimiz kamolotiga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 27-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, adabiyot, madaniyat, sanʼat va ommaviy axborot vositalari sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi. Ana shunday sharafga loyiq koʻrilganlar orasida “Sogʻlom turmush” medali bilan Payariq tumanidagi «Manzurabonu» nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi rahbari Barno Tuganovaning ham borligi butun samarqandliklarni ham benihoyat shodlantirib yubordi.
Ha, bugun Barno opaning isteʼdodi, yutuqlari, latofati dillarni quvontiryapti, koʻngillarda havas uygʻotmoqda. Albatta, bunday mukofot oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq. Buning zamirida tinimsiz mehnat, masʼuliyat yotibdi.
Barno opa bolajonlar bilan ishlashdek masʼuliyatli vazifani bajarish uchun koʻp oʻqigan, koʻp narsani biladi. Ishining murakkabligidan, qiyinchiligidan choʻchiydiganlardan emas. Bu borada el xizmatidan charchamaydi. 2019-yilda «Manzurabonu» nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini ishga tushirgan boʻlsa, 2020-yilda “Guliston” mahallasidan “Davlatbek koʻz munchoq” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasini foydalanishga topshirdi. Bugun bu maskanlarda 250 nafar bolajonlar, 48 nafar tarbiyachilar koʻmagida miriqib taʼlim-tarbiya olishmoqda.
Mabodo yoʻlingiz mazkur maktabgacha taʼlim muassasalari tomon tushib qolsa, albatta bu maskanlarga tashrif buyuring. Bu yerdagi obodonchilik ishlari, tarbiyachiyu bolajonlarning muomala madaniyatiga siz ham qoyil qolasiz.
Bugun davr ayollarimizning oldiga ham qator dolzarb vazifalarni qoʻymoqda. Bu vazifalarni zamon talabiga mos ravishda amalga oshirish har bir munis ayollarimizdan shijoat, yangicha yondashuvlar bilan ishlash talab etiladi. Barno opa kabi fidoyi va jonkuyar, davr bilan hamnafas ayollarimiz bor ekan boshlagan ishlarimiz salmogʻi yanada oshib boraveradi.