Bugun Samarqand viloyatida 2022-yil 30-may kuni “Samarqandda soʻnggi besh yil ichida maktabgacha taʼlim sohasidagi islohotlar va natijalarni baholash” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Unga koʻra, 2017-yilda maktabgacha taʼlim sohasi alohida tizim sifatida tashkil qilinib, tizim yangicha mazmunda, sezilarli ravishda har tomonlama rivojlanib, “Bironta bola eʼtibordan chetda qolmasligi kerak” degan prinsip asosida maktabgacha taʼlim tizimida natijaviy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Zamonaviy taʼlim metodlarini keng joriy qilish, mavjud davlat bogʻchalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlash, nodavlat, davlat-xususiy sherikchilik va oilaviy shakldagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish orqali maktabgacha yoshdagi bolalar qamrovini oshirishga zamin yaratildi.
Xususan, 2017-yilda viloyat boʻyicha jami 564 ta MTTga 63 621 nafar bola (3-7 yoshdagi bolalarning 20,9 foizi) qamrab olingan boʻlsa, 2022-yilning bugungi kuniga kelib, 3 498 ta MTTga 230 268 nafar bola (67,5 foiz) qamrab olindi.
MTTlar soni tahlil qilinganda, 2017-yilga nisbatan davlat bogʻchalari 152 taga, xususiy bogʻchalar 54 taga, davlat-xususiy sherikchilik asosidagi bogʻchalar 115 taga hamda oilaviy nodavlat bogʻchalar 2 613 taga, jami 2 934 ta (oʻsish 6,2 baravar) tashkil etilgan va ularga 166 647 nafar (46,7 foizga) bolalarni MTTga qamrab olish koʻrsatkichi oshgan.
Ilk marotaba Davlat-xususiy sheriklik mexanizmi joriy etilib, 2018-2022-yillar davomida Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan quvvati 15 488 oʻrinli umumiy loyiha qiymati 324,7 mlrd.soʻmlik (shundan 225,6 mlrd.soʻmlik imtiyozli kredit hisobidan, 99,6 mlrd. soʻmlik tadbirkorlarning oʻz mablagʻi hisobidan) jami 165 ta bitim imzolandi.
Tuzilgan bitimlarga asosan 144 ta loyihalarga imtiyozli kredit ajratilishi belgilangan boʻlsa, qolgan 21 ta loyihalar tadbirkorlarning oʻz mablagʻlari asosida foydalanishga topshirilishi belgilangan. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish maqsadida 102 ta loyihaga 168 mlrd. 591 mln.soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi. Faoliyat yuritib turgan 20 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan qoʻshimcha kelishuv asosida 1 085 oʻrinli yangi quvvat yaratildi.
Bundan tashqari, Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan faoliyat yuritib turgan 178 ta 25 oʻrinli oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan qoʻshimcha kelishuv asosida quvvat oshirilishi evaziga qoʻshimcha 4 450 oʻrin yaratildi.
Bolalarning ilk rivojlanishiga xizmat qiladigan maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini yanada kengaytirish maqsadida bogʻcha yoshidagi bolalar qamrovi darajasi past boʻlgan Nurobod, Qoʻshrabot, Pastdargʻom va Urgut tumanlarida «Aqlvoy» loyihasi doirasida 5 ta “ISUZU” rusumli avtobusi negizida 30 ta mobil guruhlariga 480 nafar 3-7 yoshli bolalar maktabgacha taʼlimga qamrab olindi.
2022-yil uchun asosiy ustuvor vazifalar va tashabbuslar:
Birinchidan, 3-7 yoshli bolalar qamrovini quyida amalga oshiriladigan tadbirlar orqali 72,7 foizga yetkazish koʻzda tutilgan:
- 380 ta, shundan 46 ta davlat, 6 ta xususiy, 18 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 310 ta oilaviy nodavlat MTTlarni tashkil etish orqali 14 648 nafar bolalarni qamrab olish;
- 219 ta bir yillik bepul majburiy maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etish va ularga 6 570 nafar 6 yoshli bolalarni qamrab olish;
- Olis va chekka hududlarda «Aqlvoy» loyihasi doirasida 36 ta mobil guruhlarni tashkil etish va ularga 576 nafar bolalarni qamrab olish;
- Mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 65 ta boʻsh guruh xonalarni taʼmirlash hisobiga 1 460 oʻrinli yangi quvvat yaratish.
Natijada, qoʻshimcha 23 254 nafar 3-7 yoshli bolalarni qamrab olish va qamrov darajasini 5.7 foizga oshirish.
Ikkinchidan, “Investitsiya” dasturi asosida jami 79,8 mlrd soʻmlik 20 ta 2 970 oʻrinli (shundan, 920 oʻrni yangidan yaratiladigan qoʻshimcha quvvat) davlat MTTlarini oʻz muddatlarida sifatli rekonstruksiya qilinishini tashkil etish.
Uchinchidan, “Obod” mahalla va “Obod” qishloq dasturlaridagi MTTlarini ham oʻz muddatlarida taʼmirlanishini va foydalanishga topshirilishini tashkil etish.
Toʻrtinchidan, 6 yoshli bolalar qamrovini 90 foizga yetkazish.
Beshinchidan, 532 ta davlat MTTlarida tarbiyalanuvchilarni “Autsorsing” usulida ovqatlantirilishini tashkil etish.
Oltinchidan, 1 212 nafar rahbar va pedagoglarni malakasini oshirish, oliy taʼlim va pedagogika kolleji bitiruvchilarini tizimga ishga joylashishiga koʻmaklashish.
Yettinchidan, pedagogika kollejda yangi oʻquv yili qabulini sifatli tashkil etish.
Sakkizinchidan, boʻsh oʻrinlarni malakali va mutaxassis kadrlar bilan toʻldirib borish.
Toʻqqizinchidan, yangidan tashkil etiladigan 380 ta MTTlari va boshqa manbalar hisobiga jami 2 220 tadan ortiq yangi ish oʻrinlarini tashkil etish orqali, aholi, xususan ayollar bandligiga koʻmaklashishdan iboratdir.