Toshkent viloyati Piskent tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagi “2021-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4936-son Qarori ijrosi yuzasidan bir qator maktabgacha taʼlim tashkilotlari yangidan qurildi va mavjudlari taʼmirlandi. Xuddi shunday yangi qurilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan biri tumanning olis “Chimqoʻrgʻon” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 120 oʻrinli 18-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Foydalanishga topshirilgan mazkur maktabgacha taʼlim tashkiloti zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan va bolajonlarni oʻz bagʻriga qabul qilib olgan (tashkilotda 4 ta guruh boʻlib,1 ta katta guruh, 1 ta oʻrta guruh, 1 ta kichik guruh va 1 ta maktabga tayyorlov guruhlari mavjud).
Maʼlumot uchun: Piskent tumanida hozirgi kunda 19 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, 2 ta xususiy maktabgacha taʼlim tashkiloti, 2 ta davlat xususiy sherikchiligi asosidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti va 23 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari boʻlib, jami 46 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda tumanda 3-7 yoshli maktabgacha bolalar soni 6 859 nafarni tashkil etib, mazkur maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan tuman miqyosida 4 232 nafar tarbiyalanuvchilar qamrab olingan boʻlib, 61.7 foiz koʻrsatkichni tashkil etadi.