Kuni kecha, 24-may kuni Toshkent shahridagi Puchon universitetida “Toshkent shahridagi Puchon universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha birgalikdagi harakatlarning asosiy tamoyillari toʻgʻrisida”gi memorandumni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri A.Shin, vazirning oʻrinbosari N.Muslitdinov, Koreya Respublikasining Puchon universiteti rektori Xan Djong Sok, shuningdek, Koreya Respublikasining Puchon universiteti va Toshkent shahridagi Puchon universiteti rahbariyati va xodimlari ishtirok etdi.
Memorandumning asosiy maqsadi Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda universitetning maktabgacha taʼlim, arxitektura, menejment va boshqa ommabop yoʻnalishlar boʻyicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdagi hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Shu bilan birga, hujjatga muvofiq, universitet faoliyatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari, xususan:
- maktabgacha taʼlim sohasida xalqaro standartlar darajasida taʼlim va tayyorgarlik dasturini taʼminlash;
- mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollari va Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish strategiyasi vazifalariga muvofiq maktabgacha taʼlim, shuningdek, arxitektura, menejment, koreys tili va boshqa ommabop mutaxassisliklar boʻyicha pedagog kadrlarning malakasini oshirish;
- zamonaviy taʼlim texnologiyalari asosida oʻquv jarayonini tashkil etishda ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish;
- taʼlim dasturini oʻzlashtirish uchun oʻquv profili va individual traektoriyani tanlash imkoniyatini taʼminlash.