Xabar qilganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimlari boshchiligidagi 20 dan ziyod vazirlik va idoralar rahbarlari hamda mutasaddilari Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida yashovchi fuqarolar bilan bevosita uchrashish, ularning muammolarini joyida hal etish, murojaatlarini oʻrganish boʻyicha boshlangan olti kunlik ommaviy sayyor qabullarning soʻnggi oltinchi kuni boʻlib oʻtmoqda.
Ayni paytda Boʻstonliq tumani “Xoʻjakent” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan “Xoʻjakent” pansionatida ommaviy sayyor qabullar boʻlib oʻtmoqda. Unda Boʻstonliq, Qibray tumanlari va Chirchiq shahardan murojaatchilar kelishgan.
Sayyor qabulda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirining oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining Taʼlim sifatini taʼminlash va innovatsion texnologiyalarni joriy etish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari N.Ubaydullayeva, Davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi loyihalarni monitoring qilish boʻlimi bosh mutaxassisi S.Xadjiyev, Toshkent viloyati Maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi S.Baratova hamda maktabgacha taʼlim tizimi mutasaddilari fuqarolarni qabul qilishmoqda.
Hozirgi vaqtgacha maktabgacha taʼlim sohasiga doir masalalar doirasida 7 nafardan oshiq fuqarolar mutasaddilar tomonidan qabul qilindi. Koʻtarilgan masalalar shu joyning oʻzida tegishli rahbarlar ishtirokida hal etilmoqda. Oʻrganish talab etiladigan masalalar tegishli masʼullar nazoratiga yoʻnaltirilib, muddati belgilab olindi.
Qabulda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirining oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov ham ishtirok etib, murojaatchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilmoqda hamda koʻtarilgan masalalar ijobiy yechimi yuzasidan tezkor choralar koʻriladigan boʻldi. Respublika miqyosida hal boʻladigan arzlar ham nazoratga olinib, qisqa vaqtda hal etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Bu kabi ommaviy sayyor qabullar davomida Davlatimiz rahbari tomonidan odamlarning murojaatlariga quloq tutish har bir mutasaddi rahbarning oldida turgan eng muhim vazifalardan biri sifatida qoʻyilayotganida chuqur maʼno va xalqning turmushini yaxshilashga qaratilgan ezgu maqsad mujassam ekanligi oʻz ifodasini topmoqda.