Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasining 2022-yildagi chora – tadbirlar rejasiga asosan aprel-may oylari mobaynida fuqaro muhofazasi oyligini tashkil qilish va oʻtkazish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi institutidan 2022-yilning 20-may kuni vazirlik markaziy apparati xodimlari bilan favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanishni, birlamchi oʻt oʻchirish vositalar va ulardan samarali foydalanishni hamda birinchi yordam koʻrsatishni oʻrgatish boʻyicha amaliy mashgʻulot tashkil etildi.
Unda favqulodda vaziyatlarning oldini olish — oldindan oʻtkaziladigan hamda favqulodda vaziyatlar roʻy berishi xavfini imkon qadar kamaytirishga, bunday vaziyatlar roʻy bergan taqdirda esa, odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar kompleksi, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish — favqulodda vaziyatlar roʻy berganda oʻtkaziladigan hamda odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorini kamaytirishga, shuningdek favqulodda vaziyatlar roʻy bergan zonalarning kengayishiga yoʻl qoʻymaslikka hamda xavfli omillar taʼsirini tugatishga qaratilgan qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan ishlar kompleksi haqida maʼlumot berildi.
Qayd etilishicha, birinchi yordam uch xil tadbirlar majmuasini oʻz ichiga oladi:
1) tashki shikastlovchi omillar (elektr toki, bosib qolgan ogʻir narsa va x.k) taʼsirini darhol bartaraf etish yoki shikastlangan kishini noqulay sharoitdan xoli qilish (suvdan, oʻt tushgan joydan olib chiqish va x.k);
2) shikastlanish tarziga qarab Birinchi yordam koʻrsatish (bular haqida suyak chiqishi, suyak sinishi, zaharlanish, hushdan ketish, jarohatlanish, kuyish va boshqalar);
3) yaqin atrofdagi kasalxona, poliklinikaga yetkazish. Odam toʻsatdan betob boʻlib qolganida, turli xil baxtsiz hodisalar roʻy berganida, albatta tez yordam chaqirish, noiloj qolgan hollarda duch kelgan transportda davolash muassasasiga olib borish zarur.