Bugun Ohangaron shahridagi Madaniyat va istirohat bogʻida tashkil etilgan sayyor qabulda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirining oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov boshchiligidagi maktabgacha taʼlim tizimi mutasaddilari, xususan, Toshkent viloyati Maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi fuqarolarning ushbu sohaga doir murojaatlarini koʻrib chiqishmoqda. Ohangaron tumani va Ohangaron, Olmaliq, Angren shahri aholisi uchun ommaviy sayyor qabul boʻlib oʻtmoqda.
Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Sudyalar Oliy kengashi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Maktabgacha taʼlim, Sogʻliqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab quvvatlash, Favqulodda vaziyatlar, Qurilish, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, Xalq taʼlimi vazirliklari, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, Markaziy bank, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, «Hududgaztaʼminot» AJ, «Oʻzsuvtaʼminot» AJ, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi kabi qator idoralarning rahbarlari va mutasaddilari Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida yashovchi fuqarolar bilan bevosita uchrashish, ularning muammolarini joyida hal etish, murojaatlarini oʻrganish boʻyicha boshlangan olti kunlik ommaviy sayyor qabullar davom etmoqda.
Fuqarolar muammolari bilan samarali ishlash, yechimini kutayotgan masalalarni “mahallabay” oʻrgangan holda qabullarning beshinchi kuni joriy yilning 23-may kuni Ohangaron shahridagi Madaniyat va istirohat bogʻida Ohangaron tumani va Ohangaron, Olmaliq, Angren shahrida yashovchi fuqarolarning murojaatlari tinglanmoqda. Sayyor qabulda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirining oʻrinbosari U.Begimqulov, vazirlikning Taʼlim sifatini taʼminlash va innovatsion texnologiyalarni joriy etish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari N.Ubaydullayeva, Davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni manitoring qilish boʻlimi bosh mutaxassisi S.Xadjiyev, Toshkent viloyati Maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi S.Baratova hamda maktabgacha taʼlim tizimi mutasaddilari fuqarolarni qabul qilishmoqda. Unda Ohangaron tumani va Ohangaron, Olmaliq, Angren shaharlaridan tashrif buyurgan fuqarolar oʻz muammosi boʻyicha murojaat qilishmoqda. Ayni paytda maktabgacha taʼlim sohasiga doir masalalar doirasida 11 nafardan oshiq fuqarolar vazirning oʻrinbosari Begimqulov Uzoqboy Shoimqulovich tomonidan qabul qilindi. Koʻtarilgan masalalar shu joyning oʻzida tegishli rahbarlar ishtirokida hal etilmoqda. Respublika miqyosida hamda vaqt talab etiladigan shikoyatlar nazoratga olinmoqda. Ularni qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan koʻrsatmalar berilmoqda. Fuqarolar vazir oʻrinbosari oldiga soha yoʻnalishida oliy maʼlumot olish, oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari ochish va kengaytirish, davlat-xususiy sherikchilik asosidagi loyihalarni koʻrib chiqish, mavjud maktabgacha taʼlim tashkilotlarini rekonstruksiya qilish, shuningdek, maktabgacha taʼlim tashkilotlari mavjud boʻlmagan MFYlarda yangi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari barpo etishga doir qator masalalarni qoʻyishmoqda. Vazirning oʻrinbosari fuqarolar tomonidan koʻtarilgan ushbu masalalarning sabab-mohiyatini chuqur oʻrganmoqda. Masʼullardan izoh soʻrab, yechimga doir koʻrsatmalar bermoqda.