Namangan viloyatida “Meʼyoriy hujjatlar bilan ishlash, buyruqlarni qonun talablari asosida rasmiylashtirish va malakali kadrlar sifat va sonini oshirish” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi. Viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasi hamda hududiy (shahar va tuman) boʻlimlarning kadrlar bilan ishlash boʻyicha mutaxassislari qamrab olingan ushbu seminar ishida Maktabgacha taʼlim vazirligining Kadrlar boshqarmasi boshligʻi ishtirok etdi.
“Bolaning har tomonlama kamol topib shakllanishini taʼminlaydigan dastlabki dargoh, bu – bogʻcha! Unda tarbiyalanuvchining oʻqishga intilish hissi uygʻonadi va u, muntazam taʼlim olishga tayyorlanadi. Tizim oldiga qoʻyilgan bu sharafli vazifani toʻlaqonli amalga oshirishning qator talablari mavjud. Masalan, tarbiyachi va pedagog kadrlar malakasini oshirish qanchalik muhim sanalsa, ular orasida samarali psixologik-pedagogik uslublarni joriy etish ham shunchalik ustuvor. Shuningdek, maktabgacha taʼlim tashkilotlarini zamonaviy oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, texnik vositalar, oʻyinchoqlar bilan taʼminlash har qachongidan koʻra dolzarb masala. Oʻz navbatida bolalar uchun oʻyinlar yaratish va didaktik oʻyin vositalarini ishlab chiqarish xodimdan muayyan koʻnikma, malaka va tajriba talab etadi. Qolaversa, maktabgacha yoshdagi bolalarni xalqning boy madaniy-tarixiy merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash esa, xodimning zarur darajadagi ilmiy bilim va salohiyatiga bogʻliq. Ayniqsa, maktabgacha tarbiya jarayonlarida bolalarni jismonan sogʻlomlashtirish yuzasidan olib boriladigan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni rivojlantirishga koʻmaklashish tizim xodimlari oldida turgan eng muhim vazifa sanaladi”, dedi vazirlik Kadrlar boshqarmasi boshligʻi Farrux Boboyev.
Vazirlik xodimi seminarda koʻrilgan mavzuning joylardagi amaliy ijrosi bilan qiziqdi. Shu maqsadda u viloyatning Pop, Toʻraqoʻrgʻon, Chust va Uchqoʻrgʻon tumanlarida boʻldi. Joylardagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlari va pedagog xodimlarining ish faoliyatlari, bilim- salohiyatlari, ular yurituvidagi hujjatlar, ayniqsa, xodimlar va tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan masʼullardan izoh soʻradi. Ijobiy oʻzgarishlarga doir koʻrsatmalar berdi.