Bugun, 14-may 2022-yil. “@kompromatuzb” telegram kanali va boshqa bir qator ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Pop tumanida joylashgan 13-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga doir “Bogʻcha opalarga mazza a?! Ikkita bolachani bitta joyga yotqizib, oʻrniga oʻziga oyoqni osmonga koʻtarib mazza qilib telefon oʻynab yotaveradi.
Bu bogʻcha opaga ham tarbiyachi kerak shekilli?! Tarbiya beradigar bormi?! Qanjiq deydimi bu?!” mazmunidagi videolavha tarqaldi.
Albatta, videoyozuvdagi holat ayanchli va salbiy. Ammo, masalaning boshqa bir jihati, mazkur video 2021-yilning 16-aprel kuni tasvirga tushirilgan va “SizdanTelegram” ijtimoiy tarmogʻi orqali 2021-yilning 21-iyun kuni yoritilgan edi.
Koʻrinib turibdiki, mazkur videoyozuvning bugungi kun voqeasi talqinida qayta yoritilishi, bu – borib turgan feyk xabar, xolos. Aftidan Namangan viloyati, xususan, Pop tumani suratiga “qora loy” chaplash kimgadir kerak boʻlib qoldi, chogʻi.
Zotan, bu masala allaqachon yopilgan va bu holatni keltirib chiqargan xodimlar uchun tegishli choralar qoʻllanilgan va oʻsha vaqtning oʻzida, yaʼni, 2021-yilning 22-iyun kuni rasmiy munosabat quyidagi havola orqali berilgan edi.
Keyinchalik, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mazkur videoyozuv boʻyicha tegishli chora (vazifasidan ozod etish) qoʻllanilgan. Bundan norizo boʻlgan xodim viloyat fuqarolik sudiga “Ishga tiklash toʻgʻrisida”gi davo arizasi kiritgan. Biroq sud fuqaroning ushbu arizasini qanoatlantirishni rad etgan.
2021-yilning 22-iyun kuni yoritilgan munosabatni yana bir karra eʼtiboringizga havola etmoqdamiz.
M U N O S A B A T
Namangan viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasi Axborot xizmati joriy yilning 21-iyun kuni “SizdanTelegram” ijtimoiy tarmogʻida Pop tumani Maktabgacha taʼlim boʻlimiga qarashli 13-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyatidagi kamchilik sifatida yoritilgan videoga nisbatan quyidagi MUNOSABATni bildiradi:
Video havola yuzasidan joriy yilning 22-iyun kuni viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasi Axborot xizmati jurnalist surishtiruvi oʻtkazdi. Unga Boshqarma va Pop tuman Maktabgacha taʼlim boʻlimi mutaxassislari, 13-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimlari, tuman IIB profilaktika noziri, katta leytinant Ilyos Mehmonov hamda tashkilot tarbiyalanuvchilarining ota-onalari – Maftuna Ermirzayeva, Dilshunos Qoʻziboyeva, Ixtiyor Qoʻrchiyev, Dildora Otaboyevalar jalb etildi.
Surishtiruv chogʻida ijtimoiy tarmoqda yoritilgan vidiolavha 13-MTT hamshirasi Nigora Mamajonova tomonidan joriy yilning 15-aprel kuni yashirin tarzda, gʻayirli maqsadda yozib olinganligi aniqlandi. Bu haqda videohavola tasvirida koʻringan tarbiyachi Nazokat Parpiyeva oʻz tushuntirishlarida bayon qilib oʻtdi. Unga koʻra, Nigora Mamajonova xonaga juda ohistalik bilan kirib kelgan va ayni oʻsha paytda tarbiyalanuvchi dam olishi uchun ajratilgan oʻrinlarning birida yotgan yordamchi tarbiyachi Dilnoza Hiloliddinovaning xatti-harakatlarini yashirin tasvirga tushirgan.
– Men dastlab Nigoraning xonaga kirib kelishini odatiy hol hisoblab, uning hatti-harakatiga eʼtibor bermadim, keyin uning shu xonadagi bolalarning boʻsh oʻrnida yotgan holda onlayn darslarini telefonida koʻrayotgan Dilnozaning ushbu holatini tasvirga olayotganini koʻrib qoldim va uni bunday qilmaslikka chaqirdim. Lekin Nigoraning odati shunaqa, doim biror janjalni keltirib chiqarish uchun mana shunday bahonalar oʻylab topadi. Uning bu galgi qiligʻi ham Dilnozadan “oʻch” olishga qaratilgan edi. Chunki ular muqaddam janjallashib qolishgan edi. Umuman, bu bogʻchada Nigora Mamajonova urishmagan, janjallashmagan xodimning oʻzi yoʻq, – dedi Nazokat Parpiyeva.
Dilnoza Hiloliddinova toʻgʻrisidagi surishtiruvimizga koʻra, bu shaxsning muqaddam mazkur tashkilotda yordamchi tarbiyachi boʻlib ishlaganligi, ammo, hozirda tumandagi Pedagogika kolleji talabasi boʻlganligi bois, joriy yilning 1-mart kunidan ishdan chetlatilganligi maʼlum boʻldi.
Hozirda tashkilot uchun begona sanaluvchi Dilnoza Hiloliddinova voqea kuni 13-sonli MTT direktori Noila Joʻrayeva tomonidan haqiqatdan ham Sanitariya meyorlari va qoidalariga zid ravishda 1 kunga oʻrindoshlik asosida ishga ruhsat berilgan. Tashkilot direktorining bu hatti-harakati uchun tegishli mutaxassislar tomonidan Boshqarma boshligʻi nomiga tushuntirish xati olindi va intizomiy chora qoʻllandi. Ayni paytda uning faoliyatida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarning bartaraf etish choralari koʻrildi.
Oʻrganish davomida tashkilotda 7 ta kuni uzaytirilgan, 4 ta qisqa muddatli guruxlar mavjudligi, ularda jami 220 nafar 3-7yoshli bola tarbiyalanayotganligi, mazkur guruhlar uchun Sanitariya meyorlari va qoidalari asosida joy ajratilganligi, kiyinish, ovqatlanish va dam olish joylari alohidaligi aniqlandi. Xususan, tashkilotda tashkil etilgan 4 ta qisqa muddatli guruh uchun 2 ta xona ajratilgan. Mazkur xonalarda ikki smenada ish tashkil etilganligi kuzatildi.
Nigora Mamajonova shaxsi bilan uchrashish, u bilan suhbatlashishning imkoni boʻlmadi. Chunki u, bir necha kundan buyon sababsiz ravishda ishga kelmayotganligi, uni ishga jalb etish uchun yashash manziliga bir necha marta chaqiruv nomalari joʻnatilganligi aytildi.
Pop tuman IIB profilaktika noziri, Ilyos Mehmonovga koʻra, Nigora Mamajonova ustidan IIBga kiritilgan shikoyat maxmunidagi murojaat tergovga qadar surishtiruvda koʻrib chiqilayotganligi aytildi.
Suhbatga tortilgan Maftuna Ermirzayeva, Dilshunos Qoʻziboyeva, Ixtiyor Qoʻrchiyev, Dildora Otaboyeva singari ota-onalar 13-MTTda tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga, xususan, sogʻlom ovqatlantirish, taʼlimiy va tarbiyaviy jarayonlarga nisbatan eʼtirozlari yoʻqligini bildirishdi.