Kecha soat 14-00dan 15-00ga qadar boʻlgan oraliqdagi vaqtda Andijon viloyati, Oltinkoʻl tumanidagi 31-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanayotgan 4 yoshli Lutfullayev Xushnudbek maktabgacha taʼlim tashkilotining kun tartibidagi uyqu vaqtida uxlayotganda olamdan oʻtgan.
Tashkilot hamshirasining maʼlum qilishicha, ertalabki qabul jarayonida tarbiyalanuvchi Lutfullayev Xushnudbekda hech qanday kasallik alomatlari kuzatilmagan.
Kun tartibidagi uyqu vaqtida har doimgidek bolalar uyquga yotqizilgan va tarbiyachi tomonidan tarbiyalanuvchilarni uyqudan uygʻotilganda bola oʻrnidan turmagan va darhol tez yordamga murojaat qilingan hamda tibbiyot xodimlari tomonidan tarbiyalanuvchi tibbiy nazoratdan oʻtkazilgan. Natijada bola uyqu vaqtida olamdan oʻtganligi maʼlum boʻlgan.
Hozirgi kunda huquq-tartibot organlari tomonidan surishtiruv, ekspertiza ishlari olib borilmoqda.
Ekspertiza xulosalari aniqlangach batafsil maʼlumot berilishini hamda holat Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan nazoratga olinganligini maʼlum qilamiz.
Xushnudbekning oila aʼzolariga sabr tilagan holda oʻz taʼziyamizni izhor etamiz!
Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati