Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi ishchi guruhining Qashqadaryo viloyatidagi oʻrganishlari, joylarda huquqiy va metodik koʻmak berilayotgani xususida xabarlar bergan edik.
Biroq, ayrim MTTlarda tashrif davomida qator kamchilik va muammolar aniqlanmoqda. Xususan, Mirishkor tumanidagi 17-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati ishchi guruh tomonidan oʻrganilganda jiddiy kamchiliklar borligi maʼlum boʻldi.
Achinarlisi, tashkilotda 3 yoshga toʻlmagan va yoʻllanmasi mavjud boʻlmagan bolalar hisobidan guruhlarda bolalar jihozlar yetishmovchiligi ham aniqlandi. Alohida qayd etish joizki, ushbu masalalar boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Xodimlarning tibbiy koʻrikdan oʻtishi, ularni tibbiy daftarchalari yuritilishi borasida ham, umuman hamshiraning ish faoliyatida jiddiy kamchiliklar koʻzga tashlangan.
Bundan tashqari xoʻjalik mudiri oʻz faoliyatiga oid hujjatlarni koʻrsata olmaganligi, oshpazlarning esa menyuda qayd etilgan mahsulotlarga nisbatan kam mahsulot solib ovqat pishirayotganliklari kuzatilgan.
Barcha ota-onalar jondan aziz farzandlarini maktabgacha taʼlim tizimiga taʼlim-tarbiya olishlari uchun ishonib topshirishmoqda, vaholanki yuqoridagi kabi noxush holatlarning kuzatilishi ota-onalar tomonidan bildirilgan “ishonch”ning tashkilot rahbari tomonidan suisteʼmol qilinishi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimdagi kasbiga sadoqatsiz kasb egalariga nisbatan qatʼiy choralar koʻrishi va kerak boʻlsa huquq-tartibot organlari xodimlari bilan hamkorlikda javobgarlikka tortilishi tarafdori.
Oʻrganish natijalari yuzasidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha ishchi guruh tomonidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib ishlar olib borilmoqda.
Ishchi guruh faoliyati davom etmoqda.