Natijada 1500 nafar bola qamrab olindi.
Navroʻzga tuhfa sifatida Qashqadaryo viloyatida ham 3 ta MTT foydalanishga topshirildi. Xususan, markazdan ancha uzoqda joylashgan Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanidagi “Gʻyelon” mahallasida 22-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Ushbu tashkilot 120 oʻringa moʻljallangan.
Mazkur davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti avval huddudagi kollej binosida vaqtincha faoliyat koʻrsatib kelayotgan edi. 2021-yilda Investitsiya dasturiga asosan 3 milliard 22 million 300 ming soʻm mablagʻ hisobiga yangidan bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, Yakkabogʻ tumani “Chinobod” MFYda 21-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Qariyb 4 milliard soʻm evaziga tashkil etilgan mazkur bogʻcha 150 oʻringa moʻljallangan.
Shu bilan birga, Dehqonobod tumanining “Otqamar” mahallasida ham 120 oʻringa moʻljallangan 11-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosining foydalanishga topshirilishi bayram kunlariga toʻgʻri keldi. Yangi bogʻcha ish tushishi bilan 25 ta yangi ish oʻrni ham yaratildi.
Qayd etish joizki, bayram arafasida Toshkent shahrida ham yangi MTT bolajonlarga eshik ochdi. Misol uchun, Toshkent shahar maktabgacha taʼlim bosh boshqarmasi tasarrufidagi Chilonzor tumanida joylashgan 24-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti 1960-yilda qurilgan boʻlib, 2020-yil investitsiya dasturi asosida taʼmirlandi. 360-oʻringa moʻljallangan ushbu tashkilotda taʼmirlash ishlaridan soʻng qoʻshimcha ravishda umumiy oshxona, sport va musiqa zallari qurib topshirildi.
Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani “Joziba” mahallasida investitsiya dasturi asosida 21-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Tuman markazida uzoqda joylashgan ushbu MTTning avvalgi qamrovi 50 oʻrinni tashkil etgan boʻlsa, hozirda 150 oʻringa moʻljallandi.
Fargʻonaliklar ham bayramni yangiliksiz kutib olishmadi. Xususan, Oʻzbekiston tumani “Qaynarbuloq” mahalla fuqarolar yigʻini Elash qishlogʻida joylashgan 16-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining binosi yangidan barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Bogʻchaning mavjud eski binosi oʻrnida umumiy qiymati 520 million soʻmlik loyiha hisobiga 120 oʻrinli koʻrkam bino qad rostlab, zamonaviy jihozlandi.
Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan Andijon viloyati Boʻston tumani Yangiobod mahallasida joylashgan 9-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti ochildi.
Ushbu maskan 150 nafar bolajonlarni oʻz bagʻriga sigʻdira oladi. Maktabgacha taʼlim maskanining xonalari zamonaviy tarzda bolalarga manzur boʻluvchi jihozlar bilan taʼminlangan.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumanida ham 10-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti ham foydalanishga topshirildi. Tashkilotning 3 mlrd 30 mln soʻm ajratilgan boʻlib, 90 oʻringa moʻljallangan. Ushbu maskanning ochilishi natijasida 15 nafar fuqaro ish bilan taʼminlandi.
“Obod” qishloq dasturi doirasida Namangan viloyati Chust tumanining ikki mahallasida, har biri 120 oʻrinli, loyiha qiymati esa, qariyb uch yarim milliard soʻmdan, jami 7 milliard soʻmga yaqin mablagʻ sarflangan 2 ta – 25-sonli hamda 19-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari foydalanishga topshirildi.