2022-yil 9-yanvar kuni “Kompromatuzb” telegramm kanali va Feysbuk ijtimoiy tarmoqlarda aks ettirilgan «Agripinna Shinxonim quyi tizimni kapital tozalash kerak» sarlavhasi ostida chiqqan maqola yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil
30-iyundagi “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sogʻlom ovqatlantirish tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 407-sonli qarori qabul qilingan.
Mazkur qaror bilan Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida autsorsing usulida sogʻlom ovqatlantirish Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalariga koʻra tashkil qilinishi belgilangan.
Tanlovda tashabbuskor tadbirkorlar qatnashishlari uchun bir oy oldin Maktabgacha taʼlim vazirligining mdo.uz saytiga eʼlon joylashtirilib, barcha turdagi tadbirkorlar ishtirok etishlari uchun imkon yaratilgan.
Qarorning 1-ilovasida “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida autsorsing usulida ovqatlantirishni tashkil etish boʻyicha tanlov komissiyaning namunaviy tarkibi” tasdiqlangan. Andijon viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasining birinchi oʻrinbosari namunaviy komissiya tarkibiga kiritilmagan.
Oʻz navbatida, 2021-yil 23-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sogʻlom ovqatlantirishni autsorsing usulida tashkil etish boʻyicha komissiyasi yigʻilishning 24-sonli bayonnomasi” tasdiqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan oʻtkazilgan tanlov ijtimoiy tarmoqlarda oshkoralik va shaffoflik asosida tashkil etilgan.
Maktabgacha taʼlim vazirligining 24-sonli tasdiqlangan bayonnomasida “Universal autsorsing MCHJ” gʻolib boʻlganligi haqida maʼlumotlar mavjud emas.