Toshkent viloyatidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Men va mening oilam” kuni tadbirlari boʻlib oʻtdi.
Ushbu tadbir maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan ota-onalarning oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish, oila, mahalla va taʼlim tashkilotlari hamkorligini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida tanlov oʻtkazildi. Shartlar davomida ishtirokchilarning iqtidorlarini namoyon qilishga erishildi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va ularning ota-onalari, bobo-buvilari, amaki-togʻalari hamda akalari ishtirokida “Otam, onam va men” sportchilar oilasi sport musobaqasi, “Kitobxon oila” koʻrik-tanlovi, “Bu mening oilam” mavzusidagi rasmlar tanlovi, “Hunarmand oila” koʻrgazmalari, “Oilada farzand tarbiyasiga eʼtibor”, “Mening farzandim — Vatanim faxri!” mavzularida psixologik treninglar olib borildi.
Shuningdek, “Bir bolaga yetti qoʻshni – ota-ona”, “Bola aziz, odobi undan aziz”, “Farzand tarbiyasida ota-onaning oʻrni va masʼuliyati” kabi mavzulardagi oila-mahalla-taʼlim tashkilotlari hamkorligida davra suhbatlari oʻtkazildi.
Ayniqsa, tarbiyachi-pedagoglar tomonidan “Men va mening oilam”, “Mening oilam-mening baxtim!” mavzularida tarbiyalanuvchilar ishtirokida olib borilgan ochiq mashgʻulotlardan bolajonlar oʻzgacha zavq oldi. “Zumradoylar davrasi» toʻgaragi aʼzolari ishtirokida buvijonlar bilan “Buvijonim oʻgitlari”, “Ona allasida mehr mujassam”, “Onam aytgan allalar” kabi mavzularda tadbirlar tashkillashtirildi.
“Men va mening oilam” kunining yakunlari boʻyicha jarayonlarda faol ishtirok etgan ota-onalar, bobo-buvilar, amaki-togʻalar hamda akalari oʻrtasida turli xil nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblik aniqlanib, ularga faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.