Ijtimoiy tarmoqlarda “Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan Gʻazalkent shahridagi bolalar bogʻchasi qurilishi tugallanishi uchun tadbirkorga ajratilgan imtiyozli kredit summasi toʻxtatib qoʻyilgan”i toʻgʻrisidagi videomurojaat tarqaldi. Ushbu videomurojaatdagi vajlarni rad etgan holda Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati quyidagilarni maʼlum qiladi:
Fuqaro Toʻlivay Ashirov 2019-yilning 13-noyabr kuni Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shinning qabulida boʻlib, Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani hududida DXSH asosida 120 oʻrinli “Ortiq ota bogʻchasi” MCHJni tashkil etish maqsadida oʻz murojaatini bayon etgan. Suhbat jarayonida tadbirkor nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini 1 mlrd. soʻmga barpo etishini maʼlum qilib, 1 mlrd. soʻm miqdorda kredit ajratilishini soʻrab murojaat qilgan. Qabul davomida vazir tomonidan ushbu loyiha 1 mlrd. soʻmga bitmasligi, shuning uchun oʻrnatilgan tartibda loyihaga kredit ajratilishi tavsiya qilingan. Sababi rekonstruksiya qilish uchun bir bolaga 16 mln. soʻm ajratilishi lozimligi inobatga olinib, 120 oʻringa 1,920 mlrd soʻm ajratilishiga rozilik berilgan. Qolgan qismi tadbirkor tomonidan qoplanishi lozimligi tushuntirilgan va tadbirkor tomonidan rozilik bildirilgan.
Bitim namunasi tadbirkorga taqdim etilgan va tadbirkor tomonidan barcha shartlar oʻrganib chiqilgan. Shundan soʻng bitim tadbirkorning roziligi bilan imzolanib Maktabgacha taʼlim vazirligiga 2 nusxada taqdim etilgan. Vazirlikka taqdim etgandan soʻng ikkinchi tomon, yaʼni vazirlik tomonidan 2019-yil 25-noyabrda Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda “ORTIQ OTA BOGʻCHASI” MCHJ oʻrtasida № 0451-944/11- sonli bitim imzolangan. Ushbu bitim shartnomasida jami loyixa qiymati 4,032 mlrd soʻmni tashkil etib, shundan 1,920 mlrd soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari, 2,112 mln soʻm esa tashabbuskor mablagʻi hisobidan amalga oshirilib borilishi belgilangan. Bitim-shartnoma imzolanib, muhr bosilib, shnurlanib tadbirkorga bitim-shartnomaning bir asl nusxasi taqdim etilgan, ikkinchi asl nusxasi tegishli tartibda arxivga olingan.
Ushbu arxivlangan bitimda shuni aniq koʻrish mumkinki, tadbirkor T.Ashirov 12 kun ichida bitim shartnomasini vazirlik bilan imzolayabdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-yanvardagi “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4581-son qarorining 1-bandi 4-xatboshida 420 ta imzolangan bitimlarning 100 dan ortigʻida 25 va undan ortiq foiz hajmda qurilish ishlari bajarilganligi maʼlumot uchun qabul qilingan.
Qarorning 3 “a” bandiga koʻra 2019-yil 1-dekabrga qadar maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish ishlari 25 foizdan kam boʻlmagan xajmda bajarilgan bitimlar boʻyicha kreditlarni moliyalashtirish uchun zarur boʻlgan 182 mlrd. soʻm mablagʻlar Moliya vazirligi tomonidan 2020-yil 1-martga qadar 1 foizli ustama boʻyicha ajratilishi belgilangan.
Shunga asosan “ORTIQ OTA BOGʻCHASI” MCHJ tomonidan obyektda olib borilgan qurilish demontaj ishlari ham oʻrganildi va 2020-yil 10-yanvar holatiga koʻra rekonstruksiya ishlari 22% ga amalga oshirilganligi belgilandi va tadbirkor ishtirokida rasmiylashtirildi.
2020-yilning fevral oyida qayta oʻrganish jarayonida sotib olingan qurilish jihozlari va qoʻshimcha qilingan ishlar inobatga olinib, rekonstruksiya ishlari 25,2% ga koʻtarildi va 25% yuqori ish hajmi bajargan loyihalar roʻyxatiga kiritilgan.
2020-yil 19-oktyabrida ushbu tadbirkorga imtiyozli kredit ajratilishi uchun Maktabgacha taʼlim vazirligining 01-0318-266 sonli xati orqali Moliya vazirligiga yuborilgan.
Bugungi kunda, 2019-yil 25-noyabrda Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda “ORTIQ OTA BOGʻCHASI” MCHJ oʻrtasida №0451-944/11-sonli imzolangan bitimda koʻrsatilgan 1,920 mlrd soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari tadbirkorga tegishli tartibda toʻliq moliyalashtirilib berilgan.
Videomurojaatda vazirlik xodimi Abdugʻulom Hakimov umumiy loyihaning 10%ini pora sifatida tadbirkor Toʻlivay Ashirovdan soʻraganligi yuzasidan keltirilgan vajga izoh:
Ushbu tadbirkor vazirlikka kelganida qabul jarayonlarini tashkil etishda bitta mutaxassis qabul qilmagan, balki tadbirkorning barcha tashriflarida vazirlikning mutaxassislari bilan birgalikda qabul tashkil etilgan.
Shu bois bu kabi korrupsion holatga yoʻl qoʻyilishi mumkin emas, qolaversa tadbirkorning ushbu vajlariga asosli (audio, video, foto) dalillar keltirilmagan.
Bitim-shartnoma soxtalashtirilganligiga oid masala yuzasidan:
Tadbirkor Toʻlivay Ashirovning taʼkidlashicha, bitim Aloqabank va vazirlik tomonidan soxtalashtirilgan. Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan oʻrganish olib borilib natijasi tadbirkor Toʻlivay Ashirovga maʼlum qilingan. Unda Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan bitim-shartnomani soxtalashtirish alomatlari aniqlanmaganligi (Ilova qilinadi) yuzasidan maʼlumot berilgan.
Endi oʻrinli bir savol tugʻiladi, xoʻsh ushbu bitim-shartnoma Maktabgacha taʼlim vazirligi xodimlari tomonidan soxtalashtirilganligi qonuniy oʻz isbotini topmadi, demak ushbu bitim-shartnoma gʻaraz niyatda kim tomonidan amalga oshirildi ekan???
Quyida soxtalashtirilgan shartnoma hamda vazirlik arxivida saqlanayotgan ikkinchi asl bitim-shartnomaning nusxasi:
Tabiiyki, ushbu bitim-shartnomalardagi mablagʻ miqdorlari har xilda ekanligi yaqqol koʻrinib turibdi. Asl nusxada davlat tomonidan ajratiladigan kredit mablagʻi 1 mlrd. 920 mln.soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻlarini tashkil etmoqda, soxtalashtirilgan bitim-shartnomada esa 3 mlrd.16 mln. soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻlarini tashkil etmoqda. Bitim-shartnomani soxtalashtirishdan qanday naf borligi bizga maʼlum emas.
Raqamlar oʻrtasidagi tafovutga eʼtibor qaratsak, 1 mlrd. 920 mln.soʻm va 3 mlrd.16 mln. soʻm farq esa 1 mlrd. 96 mlnni tashkil etmoqda.
Demak xulosa shuni koʻrsatmoqdaki, bitim-shartnomani soxtalashtirish, yaʼni aynan mablagʻ miqdoridagi oʻzgarishda (eʼtibor bering bitim-shartnomadagi boshqa imtiyozlar yoki huquq va majburiyatlarda oʻzgarish mavjud emas lekin aynan mablagʻ raqamlarida oʻzgarish mavjud) moddiy manfaat koʻzlanganligi yaqqol namoyon boʻlib turibdi.
Vazirlik arxivlangan bitim shartnomasini tegishli ekspertiza tashkilotlariga taqdim etadi, shu bilan bir qatorda boshqa niyatlarni amalga oshirmoqchi boʻlgan “tadbirkor”ni asl maqsadlarini namoyon qilishi mumkinligini eslatib oʻtadi.
Tadbirkor Toʻlivay Ashirov 2021-yil 7-oktyabr kuni oʻzini “Pravozashitnik Aliyans Uzbekistana” deb tanishtirgan S.Ahmedova (tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan) bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirining qabulida boʻldi. Qabul jarayonida Maktabgacha taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari, Davlat xususiy sherikchilik asosida maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshligʻi, Yuridik boshqarmasi boshligʻi, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻlimi boshligʻi hamda Davlat xususiy sherikchilik asosida maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi yetakchi mutaxassislari ishtirok etgan.
Qabul davomida Toʻlivay Ashirov Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani xududidada DXSH asosida 120 oʻrinli “Ortiq ota bogʻchasi” MCHJni tashkil etish uchun jami loyiha qiymati 4 mlrd. 32 mln. soʻm belgilanganligini, 1 mlrd. 920 mln.soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻlarini toʻliq olganligini, oʻzi 1 mlrd. 16 mln.soʻm miqdorida investitsiya kiritganligini maʼlum qilib, loyiha smeta xujjatlarida belgilangan mablagʻdan qolgan 1 mlrd. 96 mln. soʻm miqdoridagi imtiyozli kreditni ajratilishida amaliy yordam koʻrsatilishini soʻraydi hamda Bitimning nusxalarini taqdim etib, uni soxtalashtirilganligini bayon etadi. Tadbirkor Toʻlivay Ashirovdan bitim-shartnomaning asl nusxasi soʻralganda uni taqdim eta olmaydi.
Tadbirkor Toʻlivay Ashirovga vazirlik mutasaddilari va oʻzini “Pravozashitnik Aliyans Uzbekistana” deb tanishtirgan S.Ahmedova ishtirokida bitimning ikkinchi asl nusxasi taqdim etiladi va bitim-shartnomaning qaysi bandi soxtalashtirilganligi holati boʻyicha izoh soʻralganida ham javob bera olmaydi. Shu bilan birga, tadbirkor Oʻzbekiston Respublikasi Prezident virtual qabulxonasiga hujjatlar sohtalashtirilganligi yuzasidan murojaatini yoʻllaydi. Oʻrnatilgan tartibda ishni oʻrganish yuzasidan ushbu masala yuzasidan Respublika Prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib boriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2021-yil 8-oktyabr kuni 9-15-21-4-753135—sonli xatiga asosan tadbirkor tomonidan notoʻgʻri maʼlumot koʻrsatib oʻtilganligi toʻgʻrisida xat taqdim qilingan.
Tadbirkor Toʻlivay Ashirov tomonidan “Koʻpchilik tadbirkorlar ham shunday holatda” deb videomurojaatda keltirilgan vajga izoh:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-yanvardagi “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4581-son qarorining 1-bandi 4-xatboshida 420 ta imzolangan bitimlarning 100 dan ortigʻida 25 va undan ortiq foiz xajmda qurilish ishlari bajarilgan tadbirkorlarga imtiyozli kredit ajratilishi belgilangan.
Qarorga koʻra 101 loyixalarni moliyalashtirish yuzasidan topshiriq berilganligini inobatga olgan holda, ushbu 101 loyihadan dastlabki 76 loyiha moliya vazirligiga moliyalashtirish uchun tavsiya qilinib, 25 loyixa garov taʼminoti boʻlmaganligi uchun roʻyxatdan tushirib qoldirilgan.
Qolgan loyihalar oʻrganilib, 25 va undan ortiq foiz xajmda qurilish ishlari bajarilgan tadbirkorlarga oʻrnatilgan tartibda yuqori turuvchi tashkilotlardan rozilik olingandan soʻng 2020-yil 19-oktyabrida imtiyozli kredit ajratilishi uchun Maktabgacha taʼlim vazirligining 01-0318-266 sonli xati orqali Moliya vazirligiga yuborilgan.
Yuqorida keltirilgan maʼlumotlar tadbirkor tomonidan Maktabgacha taʼlim vazirligiga asoslanmagan nooʻrin ayblovlarning qoʻyganligini koʻrsatmoqda, vaholanki ushbu tadbirkorga vazirlik tomonidan qonunda belgilangan barcha amaliy yordamlar berilib kelinmoqda.
Shu oʻrinda, qonunchilikda yolgʻon axborot tarqatganlik, tuhmat maʼlumotlarni tarqatish uchun javobgarlik belgilangan boʻlib, unga koʻra shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan yolgʻon axborotni OAV va internet tarmoqlarida tarqatish uchun javobgarlik mavjud ekanligini eslatib oʻtamiz.
Biz jurnalistlarni xolislik, ochiqlik, shaffoflik doirasidagi faoliyatini qadrlaymiz va doimo hamkorlikka tayyormiz.
Maktabgacha taʼlim vazirligi Axbort xizmati