Joriy yilning 20-noyabr kuni soat 07:00larda Fargʻona viloyati, Qoʻshtepa tumanidagi “Qoʻrgʻoncha” mahallasi Paxtaobod koʻchasida joylashgan 27-maktabgacha taʼlim tashkiloti binosida bir nafar fuqaroning jasadi topilganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Mazkur holat Fargʻona viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi rahbariyati tomonidan toʻliq nazoratga olinganligini, ayni kunlarda Qoʻshtepa tumani hokimining qarori bilan mazkur baxtsiz hodisa sabablari maxsus ishchi guruh tomonidan oʻrganilayotganini, oʻrganish xulosalari tayyor boʻlsa bu haqda qoʻshimcha maʼlumot berilishini maʼlum qilamiz.
Shu oʻrinda, barcha ommaviy axborot vositalari va blogerlardan vafot etgan shaxs hamda uning qanday lavozimda faoliyat olib borganligi haqidagi taxminiy, tasdiqlanmagan maʼlumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmasliklarini soʻraymiz.
Maʼlumot uchun, ushbu shaxs Qoʻshtepa tumanidagi “Qoʻrgʻoncha” mahallasida joylashgan 27-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida mavsumiy oʻt yoquvchi vazifasida faoliyat yuritgan.
Ishchi guruh xulosasi tayyor boʻlsa bu haqda albatta rasmiy sahifalarimizda qoʻshimcha xabar beramiz.