Ilmiy kuzatish va tadqiqotlar inson oʻz umri davomida oladigan barcha maʼlumotning 70 foizini 5 yoshgacha boʻlgan davrda faol qabul qilishini, bolaning ongi, asosan, 5 – 7 yoshda shakllanishini koʻrsatgan. Bu esa jamiyatga kirib kelayotgan shaxsning maʼnaviy-ruhiy olami, dunyoqarashi, bilimu salohiyati uning maktab yoshigacha boʻlgan yillarda olgan taʼlim-tarbiyasiga uzviy bogʻliqligidan dalolat beradi.
Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, bola kamolotining ilk kurtaklari nafaqat oilada, balki maktabgacha taʼlim tashkilotlarida namoyon boʻladi. Ushbu tashkilotlarda taʼlim-tarbiyaviy ishlar sifati hamda samaradorligi, ularda yaratilgan zamonaviy imkoniyat va sogʻlom muhit murgʻak farzandlarimiz taqdirida gʻoyat muhim oʻrin egallaydi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotining davlat oʻquv dasturi Oʻzbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlanishiga qoʻyiladigan Davlat talablariga muvofiq ishlab chiqilgan meʼyoriy-huquqiy hujjat boʻlib, unda maktabgacha taʼlim tashkilotining maqsad va vazifalari, oʻquv-tarbiyaviy faoliyatining asosiy gʻoyalari ifodalangan, shuningdek, bolani taʼlimning keyingi bosqichiga oʻtishidagi asosiy kompetensiyalari belgilangan. Xuddi shu maqsadlarni samarali amalga oshirish yoʻlida vazirlik oʻz tashabbusi bilan maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun oʻquv-metodik va didaktik adabiyotlar tayyorlashni takomillashtirish boʻyicha mexanizmlarni joriy etdi.
2021-yilda Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan pedagoglar uchun bolalar davomatini qayd etish daftari, “Ish daftari”, shuningdek, bolajonlar uchun oʻzbek ertaklari va sheʼrlari toʻplamlari ham nashr ettirildi.
Xususan, nashr etilayotgan metodik adabiyotlar va qoʻllanmalar soni quyidagicha:
– Pedagoglar uchun bolalar davomatini qayd etish daftari (tabel, filtr patronaj) – 48 811 ta;
– Pedagoglar uchun “Ish daftari” komplekt 5 kitobdan iborat – 6149 ta;
– Panoramali ertaklar (komplekt 6 kitobdan iborat) – 6 149 ta;
– Pedagogik qoʻllanma va didaktik materiallar – 25 000 ta (rus va oʻzbek tillarda);
– Musiqa pedagoglar uchun qoʻllanma – 6149 ta.
Ushbu davrda vazirlik tomonidan 3 dona oʻzbek xalq ertaklaridan iborat toʻplam ham 20 000 nusxada chop etilib, bolajonlarga yetkazilgan.
Xususan, kichik guruh bolalari uchun taʼlimiy, rangli-bezakli badiiy “Qizil gul” kitobi bosmadan chiqqan. “Oq gul” kitobi esa oʻrta guruh bolalari uchun moʻljallangan boʻlib, taʼlimiy, rangli-bezakli badiiy asarlar toʻplami hisoblanadi. Shuningdek, hozirda “Sariq gul” kitobini katta guruh bolalari sevib mutolaa qilishmoqda. Maktabga tayyorlov guruhi bolalari “Moviy gul” kitobidan foydalanishmoqda. Natijada bolalarda kitobga boʻlgan qiziqish ortib, kelgusidan kitobxonlik darajasi oshishiga sabab boʻlishi mumkin.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarini yuqori sifatli oʻquv didaktik materiallari bilan taʼminlanish darajasiga ham eʼtibor qaratsak:
– “Lulliya aylanalari” didaktik toʻplami – 10 000 ta;
– 3-7 yoshli bolalar uchun diqqatni jamlash va mantiqiy fikrlar uchun rivojlanish soati – 20 000 ta;
– 40 ta toʻplamdan iborat boʻlgan Elementar matematik tasavvurlarini va bilimlarini rivojlantirish boʻyicha didaktik oʻyinlar va masalalar toʻplami – 20 000 ta (rus va oʻzbek tillarda);
– Koʻrgazmali didaktik plakatlar toʻplami;
– 45 ta plakatdan iborat toʻplam – 10 000 ta (rus va oʻzbek tillarda);
– Markazlarda faoliyatni tashkil etish uchun didaktik kartochkalar toʻplami. Toʻplam 376 ta kartochkadan iborat – 10 000 ta (rus va oʻzbek tillarda);
– Nutqni rivojlantirish uchun moʻljallangan figuralar va maskalar toʻplami;
– Stol teatri – 6 149 ta;
– “Koʻngilochar” Geometrik tushunchalarni hosil qilish va logikani rivojlantirishga qaratilgan grafomatorika boʻyicha didaktik toʻplam 3-7 yoshli bolalar uchun – 6 149 ta;
– Tayyorlov guruhlari tarbiyalanuvchilarining ish daftarlari – 466032 ta;
– Tarbiyalanuvchilar uchun matematika daftari – 466032 ta;
– 6-7 yoshli bolalar uchun ingliz tili daftari – 466032 ta nusxada nashr ettirilmoqda.
Eng quvonarlisi yuqorida nomlari keltirilgan didaktik materiallarning barchasi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun mutlaqo bepul tarqatilmoqda. Albatta ushbu didaktik materiallar kelajak avlodning mustahkam bilim egasi boʻlib kamol topishi yoʻlida olib borilayotganligi ezgu maqsad boʻlib oʻz samarasini berishi shubhasizdir.
Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati