Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqish tartibi joriy etildi.
Ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim muassasalari vakillari hamda jismoniy shaxslar — mustaqil ekspertlarga normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ilmiy va mustaqil ekspertizadan oʻtkazish huquqi beriladi.
Qarorga muvofiq:
- amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar bosqichma-bosqich toʻliq korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkaziladi;
- Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi ekspertiza boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi va uslubiy yordam koʻrsatadi;
- korrupsiyaga qarshi ilmiy va mustaqil ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha eng yaxshi takliflarning davlat granti tanlovlari oʻtkaziladi;
- Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili 20-yanvarga qadar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish rejasi, yil davomida belgilangan sohalar doirasida aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xarita” tasdiqlanadi;
- normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarida aniqlangan korrupsiyaviy omillar tegishli davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini baholashning asosiy mezonlaridan biri etib belgilanadi.
- Qurilish, sogʻliqni saqlash, oliy taʼlim va davlat xaridlari sohalarini tartibga soluvchi 75 ta qonunchilik hujjatidagi 302 ta korrupsiyaviy omillar bartaraf qilinadi.
- Ilmiy va mustaqil ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha xulosalar tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy koʻrib chiqiladi.
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarining normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish faoliyati har olti oy yakunida baholanadi.