Joriy yilning 12-oktyabrida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi OʻRQ–721-son Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga muvofiq, ayrim litsenziyalanadigan faoliyat turlari bilan ruxsatnoma va xabardor qilish orqali shugʻullanishga ruxsat berilganligi munosabati bilan bir qator qonunlarda litsenziya talabi bekor qilindi.
Shunga koʻra, Jinoyat kodeksiga xabardor qilish yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish talab etiladigan faoliyat bilan xabarnoma yubormasdan yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz shugʻullanish juda koʻp miqdorda daromad olish bilan bogʻliq boʻlganida jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishiga oid javobgarlik kiritildi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida ham mazkur harakatlar uchun javobgarlik choralari belgilandi.
Foydali qazilmalarni qidirish, razvedka qilish va qazib olish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishda endilikda ruxsatnoma olinadi. Ilgari litsenziya talab qilingan.
“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunda farmatsevtika faoliyatining quyidagi yoʻnalishlariga litsenziya olish talab qilinmasligi belgilandi:
tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, ulgurji realizatsiya qilish;
dori vositalari va tibbiy buyumlarni yaratish boʻyicha
ilmiy-tadqiqot ishlari;
dori vositalari va tibbiy buyumlar sifatini nazorat qilish;
dorivor oʻsimlik xomashyosini qadoqlash va ulgurji sotish.
Madaniy boyliklarni realizatsiya qilishda ishtirok etuvchi yuridik shaxslar oʻz faoliyatini Madaniyat vazirligini xabardor qilgan holda amalga oshiradi. Ilgari ruxsatnoma olish talab qilingan.
Qishloq joylardagi kichik tadbirkorlarning umumiy foydalanish punktlari tomonidan maʼlumotlarni uzatish tarmoqlari xizmatlarini koʻrsatishga, qishloq joylardagi kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan mahalliy, shaharlararo va xalqaro telekommunikatsiyalar tarmoqlari xizmatlarini koʻrsatishga doir faoliyat uchun litsenziya talab etilmaydi.
Riyeltorlik faoliyati uchun litsenziya olish talab qilinmaydi.
Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarining yangi turlarini joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkaziladi.
Soliq kodeksida alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yigʻimlarni undirish tartibi belgilandi.
Yigʻim alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish boshlanganligi toʻgʻrisida xabarnoma yuborilgan paytdan eʼtiboran toʻlanadi. Bunda xabarnoma joriy oyning yigirmanchi sanasiga qadar yuborilganda yigʻim ushbu oy uchun toʻliq hajmda, xabarnoma joriy oyning yigirmanchi sanasidan keyin yuborilganda esa keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab hisoblab chiqiladi.
Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish faoliyati toʻxtatib turilganda yoki tugatilganda yigʻimni hisoblash keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab toʻxtatib turiladi.
Alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yigʻim har oyda oldindan toʻlov shaklida, joriy oyning oʻninchi sanasiga qadar toʻlanadi.