Muhim yangilik: «S board» mobilь dasturi ishga tushiriladi
Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan eng yaxshi innovatsion taʼlim dasturlarini Oʼzbekiston Respublikasi sharoitiga jalb etish va moslashtirish maqsadida Maktabgacha taʼlim vazirligi Koreyaning «Edulink» kompaniyasi bilan birgalikda «S board» mobil taʼlim dasturini ishga tushiradi.
Birinchi bosqichda loyiha Toshkent shahrining Bektemir tumanida sinov rejimida amalga oshiriladi. Vazirlik matbuot xizmati rahbari Mavluda Аsqarxoʼjaevaning taʼkidlashicha, ishlab chiqilgan dastur maktabgacha taʼlim tashkilotlari, tarbiyachilar, ota-onalar va maktabgacha yoshdagi bolalar uchun noyob imkoniyatlarni ochib beradi.
Mobil dastur maktabgacha taʼlim sifatini yaxshilash, raqamli hisobotga bosqichma-bosqich oʼtish, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va ota-onalarga koʼmaklashish uchun moʼljallangan.
Matematika asoslari, oʼzbek tili va boshqa chet tillarini oʼqitish uchun oʼquv videokliplarining «S board» dasturiy taʼminot doirasida maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarining malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Eʼtiborlisi, mobilь dastur ishlab chiqilishining barcha bosqichlari «Ilk qadam» davlat oʼquv dasturi hamda maktabgacha taʼlim va tarbiya davlat standarti hamda ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʼyiladigan davlat talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Mohigul Qosimova, OʼzА
Batafsil:?https://uza.uz/uz/posts/muhim-yangilik-s-board-mobil-dasturi-ishga-tushiriladi_299825