Bolalarda botulizm kasalligining klinik belgilari kuzatilgan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi huzuridagi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavluda Аsqarxoʼjaeva ishtirokida oʼtkazilgan brifingda Toshkent shahri Mirobod tumani hamda Toshkent viloyati Oqqoʼrgʼon tumanidagi bogʼchalarda roʼy bergan zaharlanishlar haqida maʼlumot berildi.
Unga koʼra, joriy yil 26 avgust kuni Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 64-maktabgacha taʼlim tashkilotining 6 nafar, 247-maktabgacha taʼlim tashkilotining 2 nafar tarbiyalanuvchisi oʼtkir ichak infektsiyasi belgilari bilan kasalxonaga yotqizilgan. 31 avgustь kuni tarbiyalanuvchilar ahvoli normallashgan va oʼz uylariga chiqarilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan oʼrganish olib borilmoqda. Oʼrganish natijalari va laboratoriya javoblari asosida qoʼshimcha maʼlumotlar taqdim etiladi.
Shuningdek, joriy yilning 5-10 avgust kunlari Toshkent viloyati Oqqoʼrgʼon tumanidagi 5-maktabgacha taʼlim tashkilotining 32 nafar tarbiyalanuvchisi intoksikatsiya sindromi belgilari bilan tibbiyot muassasalariga yotqizildi.
Mutaxassislar maʼlumotlariga koʼra, bolalarda botulizm kasalligining klinik belgilari kuzatilgan. Bugungi kunda barcha bolalar yashash joyi boʼyicha tibbiy nazoratga olinib, kasalxonadan uylariga ruxsat berildi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʼzgʼatildi va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov xarakatlari tugagach, maʼlumot beriladi va aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar koʼriladi.
Mohigul Qosimova, OʼzА