Hamon islohotlar mohiyatini tushunmayotgan bogʼcha mudiralari bor.
Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavluda Аsqarxoʼjaeva АOKАda oʼtkazilgan brifingda ijtimoiy tarmoqlar orqali yoʼllangan murojaatlar yuzasidan olib borilgan oʼrganishlar natijalarini maʼlum qildi.
Unga koʼra, Qoʼqon shahridagi 8-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida joriy yilning 16 iyulь kuni Fargʼona viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi mutaxassislari tomonidan oʼrganish oʼtkazilgan.
Oʼrganish davomida mazkur bogʼchada mehnat va ijro intizomi taʼminlanishida bir qator qonun buzilishi holatlariga yoʼl qoʼyib kelinayotganligi, eng achinarlisi, tashkilotda jami 28 nafar tarbiyalanuvchi yoʼllanmasiz, yaʼni noqonuniy ravishda tarbiyalanib kelinayotganligi aniqlangan. Bu – noqonuniy ravishda qabul qilingan 28 nafar bolaning tashkilotga qonun talablari asosida qabul qilingan tarbiyalanuvchilarga ajratilgan oziq-ovqat mahsulotlar hisobidan ovqatlantirilishiga sabab boʼlgan.
Yuqoridagi holatlar Fargʼona viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasining Kasaba uyushmasi yigʼilishida muhokama qilinganida 8-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida yoʼl qoʼyilgan qonun buzilishi holatlari toʼplangan hujjatlar va xodimlarning tushuntirish xatlari asosida oʼz tasdigʼini topgan. Shuningdek, oʼrganish natijalari boʼyicha tashkilot direktori N.Shukurova tomonidan taqdim qilingan tushuntirish xatida, haqiqatdan ham oʼrganishda aniqlangan qonun buzilishi holatlariga yoʼl qoʼyganligi maʼlum qilinib, aniqlangan holatlarni 3 kun muddatda bartaraf etilishi va boshqarmaga axborot berishi bildirilgan.
Аmmo N.Shukurova oʼz tushuntirish xatida maʼlum qilgan muddat davomida aniqlangan holatlarni bartaraf etish choralari koʼrmagan. Hatto boshqarmaning tushuntirish berish va Kasaba uyushmasi yigʼilishida ishtirok etish yuzasidan chaqiruvlariga sababsiz munosabat bildirmasdan kelgan.
Yuqoridagilarga koʼra, Fargʼona viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi Kasaba uyushmasi tomonidan M.Shukurova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Oʼzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi
4-bandiga asosan bekor qilish uchun rozilik berilganligi bois, 8-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori N.Shukurova bilan boshqarma oʼrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi joriy yilning 24 avgust kuni 178-sonli buyruq bilan bekor qilinib, N.Shukurova egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Mohigul Qosimova, OʼzА
Batafsil:?https://uza.uz/uz/posts/hamon-islohotlar-mohiyatini-tushunmayotgan-bogcha-mudiralari-bor_300621