Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Xullas, 200 dollar pora so’rabdi, direktor. Men: “yo’q, kerakmas, 200 dollar pulim yo’q, Yagona darchadan navbatimizni kutamiz” dedim. “Yagona darcha”ga borsak, sizni navbatingiz o’tib ketibdi, deyishdi” mazmunidagi fuqaro fikri yuzasidan O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi:
Joriy yilning 16 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Xullas, 200 dollar pora so’rabdi, direktor. Men: “yo’q, kerakmas, 200 dollar pulim yo’q, Yagona darchadan navbatimizni kutamiz” dedim. “Yagona darcha”ga borsak, sizni navbatingiz o’tib ketibdi, deyishdi” mazmunida fuqaro fikri tarqatilgan. Mazkur fikrni qay darajada toʼgʼri ekanligini oʼrganish jarayonida, muallif bilan ijtimoiy tarmoqdagi messendjer orqali suhbatlashildi hamda undan tarqatgan fikri yuzasidan asosli dalillar taqdim etishi soʼraldi. Murojaatchiga agarda murojaati asosini topmasa “tuxmat” deb belgilanishi va “Oʼzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisida”gi Kodeksning 40-moddasiga binoan, tuhmat, yaʼni bila turib yolgʼon, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish - bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab boʼlishi mumkinligi haqida ogohlantirildi. Biroq, murojaatchi oʼzi keltirib oʼtgan vajlar yuzasidan maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori bilan ogʼzaki muloqot qilgani, shuningdek u mazkur suhbatlashuv jarayonini hech qanday yozuvli holatlarda saqlab olmagani, 200 dollar talab etilganlik haqidagi poraxoʼrlikni isbotlaydigan dalillari yoʼqligini bildirdi.
Masalaga oydinlik kiritish maqsadida, vazirlik xodimlari fuqaro bilan bogʼlanish uchun undan qoʼl telefon raqamini soʼrashganida, murojaatchi telefon raqamini taqdim qilishni xohlamadi. Аsos va dalillar taqdim etilmagani sabab, murojaat “asossiz” deb topilganini maʼlum qilamiz. Ijtimoiy tarmoqdagi yozishmalar davomida fuqaroga hozirda Maktabgacha taʼlim vazirligida korrupsiya holatlari, noqonuniy faoliyatlar bilan shugʼullanayotganlarga qarshi kurashadigan alohida komplaens-nazorat boʼlimi tashkil etilganligi, ushbu boʼlimga murojaat qilib, asoslarini taqdim qilishi lozimligi, bordiyu fuqaroning fikri oʼz tasdigʼini topsa, bunday noqonuniy ishlarga chek qoʼyishda amaliy yordam berilishi toʼgʼrisida maʼlumot berildi.
Аziz fuqarolar! Siz ham poraxoʼrlik va korrupsiya kabi holatlardan xabardor boʼlsangiz va albatta yetarli asoslaringiz boʼlsa, noqonuniy faoliyatlarga chek qoʼyilishida Oʼzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining komplaens-nazorat boʼlimiga murojaat qilishingiz mumkin.
Oʼzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi Аxborot xizmati.