Toshkent viloyati Olmaliq shahrida bo'lib o'tgan "madaniy almashinuv va xorijiy tillarni o'rganish" mavzusidagi I Toshkent viloyati forumida O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri o'rinbosari Begimqulov Uzoqboy va bir qator soha mutaxassislari ham ishtirok etib, o'z fikr mulohazalari, sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi. Xususan, forumda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 34-sonli Davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti direktori, "Ta'lim laboratoriya"si asoschisi Ubaydullaeva Nilufar o'z takliflari bilan ishtirok etdi.
Ushbu loyiha mamlakatimizda maktabgacha ta'lim tashkilotlari xodimlarini innovasion usulda o'qitish bo'yicha ilk marta tashkil etilmoqda. Shu sababli, Zangiota tumanining "2020-2021 yillar davomida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi"ga kiritilib, joriy yilning 4 fevral kunidan loyiha doirasida o'quv jarayonlari yo'lga qo'yilgan.
Ushbu loyihaga ko'ra 4 oylik o'quv dasturi asosida tinglovchilar "bolalar psixologiyasi", "o'qitish metodikasi", "rus tili", "ingliz tili" yo'nalishlarida tahsil oldilar. Tinglovchilar laboratoriyada olgan bilimlarini o'z ish faoliyatlarida qo'llab, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ta'lim sifatini oshishi uchun xizmat qiladi.
Mazkur "Ta'lim laboratoriya"sini rivojlantirish uchun viloyat hokimligi tomonidan mahalliy byudjet hisobidan kerakli miqdorda mablag'ajratilishi belgilandi. Bundan tashqari mazkur loyihaga Buyuk Britaniya konsullik idorasi ham o'zlarining qiziqishlarini va har tomonlama qo'llab quvvatlashlarini bildirib o'tganlar.
Tadbir davomida Konfutsiy instituti, Gyote instituti, O'zbekiston-Yaponiya markazi singari xorijiy til va madaniyat markazlari vakillarining ma'ruzalari tinglandi.