Joriy yilning 15-iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin hamda Yunesko Bosh direktorining ta'lim bo'yicha o'rinbosari Stefaniya Djannini bilan uchrashdi va ta'lim sohasidagi masalalarni muhokama qildi. Uchrashuv doirasida maktabgacha ta'lim tizimidagi islohotlarni amalga oshirish va erishilgan ilg'or natijalar, shuningdek kelgusi yillarda maktabgacha ta'lim sohasida rivojlanishning istiqbolli yo'nalishlari bo'yicha masalalar muhokama qilindi.
“Maktabgacha yoshdagi bolalarga taʼlim va tarbiya berish davlatning ustuvor yoʼnalishlaridan biridir. Oʼzbekiston barqaror rivojlanish maqsadlarining 4.2 bandiga muvofiq 2030-yilga kelib barcha oʼgʼil-qizlar boshlangʼich taʼlimga tayyor boʼlishlari uchun yosh bolalarni rivojlantirish, parvarishlash va maktabgacha taʼlim olish uchun sifatli tizimlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʼlishlarini taʼminlash borasida ijobiy natijalarga erishdik. Respublika boʼyicha maktabgacha taʼlimga qamrab olish koʼrsatkichlari 2017 yili 27% dan 2021 yilga kelib 62% gacha oshishi natijasida, bugungi kunga kelib 1,7 mln. dan ortiq maktabgacha yoshdagi bolalar maktabgacha taʼlim olish imkoniyatiga ega boʼldilar, qolaversa Oʼzbekistonda 2019 yildan boshlab barcha bolalar uchun boshlangʼich taʼlimda teng imkoniyatlar yaratish maqsadida maktabga borishdan bir yil oldin majburiy maktabgacha taʼlim tizimi joriy etildi. Bugungi kunda maktabga chiqish yoshidagi bolalarning 77 %i maktabgacha taʼlim tizimiga qamrab olindi, 2025 yilga borib ularning barchasini bir yillik majburiy bepul taʼlim tizimiga qamrab olinishi rejalashtirilganmiz” deya ta’kidladi, Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin .
“O’zbekiston qisqa muddat ichida bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olish darajasini deyarli 2,5 barobarga oshirishi, bir yillik majburiy ta’limga qamrab olish esa 77% ga yetgani, “Ilk Qadam” davlat o’quv dasturi va pedagoglarni malakasini oshirish bo’yicha qilingan ishlar tahsinga sazovordir”-dedi Yunesko Bosh direktorining ta'lim bo'yicha o'rinbosari Stefaniya Djannini.
Uchrashuv jarayonida 2022 yilning kuzida Toshkent shahrida ilk yoshdagi bolalarga tarbiya va ta’lim berish bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasini o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 2010 yil 27-29 sentyabr kunlari Moskvada Yuneskoning Birinchi ilk yoshdagi bolalarni erta rivojlantirish va ta’limi bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tgan, unda, uch kun davomida konferensiya ishtirokchilari butun dunyo bo‘ylab bolalar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishning dolzarb masalalarini muhokama qilishgan.
Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati