Maktabgacha ta'lim vazirligi, turizm va sport vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Velosport federasiyasi hamda Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) o'rtasida imzolangan Memorandum doirasida zamonaviy begovel (pedalsiz velosiped)lar Toshkent shahridagi 13 ta maktabgacha ta'lim tashkilotlariga tajriba sifatida berildi. Pedalsiz velosipedning asosiy afzalligi shundaki, yosh bolalar uchun muvozanat saqlashni o'rganish osonroq bo'ladi, bu esa oddiy velosipedni haydashga o'tishni osonlashtiradi.
2021 yil 1-iyunda Toshkent shahridagi Eko-bog' hududida, "kelajakka yashil qadam" shiori ostida 6 yoshgacha bo'lgan maktabgacha yoshdagi bolalar o'rtasida 1-velosiped marafoni tashkil etilib, unda 65 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari ishtirok etishdi. Ushbu tadbirda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyachilari hamda velosport bo'yicha O'zbekiston sportchilari ishtirok etdilar, ular bolalarga yo'ldan o'tishda yordam ko'rsatdilar.
Ekologik va jismoniy madaniyatni tarbiyalash va bolalar va yoshlarni sportga ommaviy ravishda jalb qilish masalalari doimo O'zbekiston Respublikasi hukumatining diqqat markazida bo'lib kelmoqda.
Bolalar velosiped marafonining asosiy maqsadi atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil transportdan foydalanish sohasida barqaror ko'nikmalarni shakllantirish, shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalar o'rtasida velosiped sportini ommalashtirish, sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish hamda madaniyatni shakllantirish, yo'llardan kesib o'tishda bolalardagi o'zini tutish va yo'l harakati qoidalariga rioya qilishni shakllantirishdan iboratdir.
Bu kabi – bolalar velosiped marafoni O'zbekistonda va Markaziy Osiyoda birinchi marta o'tkazildi.
O'zbekistonning Velosport federasiyasi tashabbusi bilan kelgusida respublikaning barcha hududlaridagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari balansini velosipedlar bilan bosqichma-bosqich ta'minlash ishlari olib boriladi va jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug'ullanish uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.
Velomarafonda ishtirok etayotgan bolalar medallar, esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar va ular uchun bolalarning ko'ngilochar dasturi tashkil etildi, ular san'atkorlar bilan birgalikda turli musobaqalar va o'yinlarda qatnashdilar.
Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati